15:07 / 20.05.2018
24182

Ramazon – Qur'on oyi. Uni ko‘proq o‘qish ikki dunyo saodatini beradi

Ramazon – Qur'on oyi. Bu oyda Allohning kalomi nozil etilgan. “Islom nuri” dasturining bu galgi mavzusi ham shu haqda. Suhbatdoshimiz poytaxtdagi “Novza” jome masjidi imom xatibi Jaloliddin Hamroqulov.

YouTube'da tomosha qilish

Tas-IX'da tomosha qilish

- Alloh taolo o‘z kitobida shunday marhamat qiladi: “Biz Ramazon oyida Qur'oni karimni nozil qildik”. Demak Ramazon – bu Qur'on oyi. Qur'on nima? U mo‘min-musulmonlarga bu dunyoning baxti va oxirat saodatini ko‘rsatuvchi ilohiy ta'limot. Qur'oni karimning ikki xil ma'nosi bor: birinchisi, “o‘qimoq”, ikkinchisi “jamlamoq”. O‘qimoqdan murod kalomullohni o‘qishlik bilan banda ibodat darajasiga ko‘tariladi. Jamlash esa Odam alayhissalomdan Payg‘ambarimiz alayhissalomgacha yuborilgan hamma dinlarning hikmatini, qaymog‘ini jamlagan ta'limotlar yig‘indisi hisoblanadi.

Bundan tashqari, bu oyning barakasi Qur'oni karimning nozil etilishi bo‘lsa, Qadr kechasida u Lavhul mahfuzdan Yer osmoniga bitta kitob shaklida nozil qilingan va 23 yil mobaynida Allohning irodasi ila bu ta'limot payg‘ambarimiz alayhissalomga yetkazilgan. Qur'onning haqi, uni bir yilda kamida ikki marta xatm qilishlikdir. Bu odat payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)dan meros bo‘lib qolgan. Bu kitob uylarning burchagiga osib qo‘yish yoki javonlarni bezash uchun emas, balki uni o‘qib, aytganlariga rioya qilish uchun kerak.

Mana, yaqinda O‘zbekistonda ajoyib bayram o‘tkazildi – Qur'on musobaqasi. Mana shu musobaqa bizga Qur'oni karimni o‘qishga, o‘rganishga va yoshlarimizga ko‘proq targ‘ib qilishga juda katta malaka hosil qilib berdi. Chunki xalqimiz Qur'onga muxlis xalq hisoblanadi. Musobaqada yosh-yosh o‘g‘il-qizlarning o‘qishlari ko‘pchilikka ibrat bo‘ldi. 

“Novza” jome masjidi imom xatibi Jaloliddin Hamroqulov

Bir narsani alohida ta'kidlash kerak. Kalomulloh bizga Alloh taolo tomonidan berilgan ulug‘ ne'mat, boylik hisoblanadi. Imom A'zamning eng katta shogirdlaridan bo‘lmish Hazrat Abu Yusuf Abbosiylar davlatida eng katta qozi bo‘lib turganlarida er-xotin bir masala bilan yonlariga kelibdi. “Biz ancha vaqt farzand ko‘rmaganmiz. Bu Xudoyimning sinovi edi. Xudodan sabr bilan farzand so‘rab, oxiri qizlik bo‘lganmiz. Tirnoqqa zor bo‘lib yurganimizda agar farzandli bo‘lsak, uni uylayotgan yoki uzatayotganimizda sepiga dunyoning boyligini qo‘yamiz, deb niyat qilgandik. Mana, qizimizga sovchilar kelyapti, bizda esa buncha boylik yo‘q, atagan nazrimizni qilolmayapmiz”, deyishibdi ular. Hazrat Abu Yusuf rahmatullohi alayh o‘ylanib turib, shunday debdilar: “Uyingizda Allohning kitobi - Qur'oni karim bormi?”. “Ha, bor”. “Shuni qizingizning sepiga qo‘ying. Bu kitob siz aytayotgan dunyoning boyligi emas, bu oxiratning ham boyligi. Bu bilan qizingizning sepiga nafaqat dunyo boyligi, balki oxirat boyligini ham qo‘ygan bo‘lasiz”.

Ramazon oyida barchamizga Qur'oni karimni o‘qishlik va uqishlikni nasib etsin, - deb tilak bildirdi Jaloliddin Hamroqulov.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top