14:31 / 20.05.2018
8788

Tuman hokimligi: Mo‘ynoqda ichimlik suvi ta'minoti yomonlashgani yo‘q

Joriy yilning 16 may kuni KUN.UZ sayti orqali “26,4 mlrd so‘m! Mo‘ynoqda bir yil o‘tmasdan suv quvurlarida tez-tez avariya holatlari yuzaga kelmoqda” sarlavhasi ostida tahliliy maqola e'lon qilingan edi. Maqolada ushbu ma'lumot Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan taqdim etilganligi qayd etilgan. Qoraqalpog‘iston axborot agentligi ham ushbu masala yuzasidan tuman hokimligi rahbariyati, mutasaddi organlar va vakillardan rasmiy munosabat bildirishni so‘radi.

- Mo‘ynoqda ichimlik suvi  ta'minoti yomonlashdi, degan xabar asossiz, - deydi Mo‘ynoq tumani hokimi Saylaubay Daniyarov. – O‘tgan yili Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan tumanimizga tortilgan ichimlik suvi Mo‘ynoq tumani markazi va Uchsay OFY aholisini ichimlik suvi bilan ta'minlab turibdi. Aholining suvni iste'mol qilish bo‘yicha talabi kunlik 2200 kub metrni tashkil qilmoqda. Bugungi kunda “Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq- Tuyamo‘yin” suv quvuridan sutkasiga 2400 kub metr suv Mo‘ynoq tumani suv tarmoqlari korxonasidagi 4,5 ming kub metr suv sig‘imligiga mo‘ljallangan rezervuarga kelib tushmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Mo‘ynoq tuman markazi va Uchsay OFY aholisining (jami 14599 kishi) ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji belgilangan normativ bo‘yicha kuniga 1800 kub metrni tashkil qiladi. To‘g‘ri, suv jadval asosida, hozirda aholiga nasoslarning imkoniyatidan kelib chiqqan holda kuniga 2 mahal berilyapti, ya'ni soat 6.00dan 10.00 gacha va soat 16.00dan 21.30gacha. Yaqin kunlar ichida qo‘shimcha nasoslar o‘rnatilishi bilan doimiy ravishda suv bilan ta'minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Foto: Mo‘ynoq tumani hokimligi

Qoraqalpog‘iston axborot agentligiga ma'lum bo‘lishicha, bugungi kunda «Qo‘ng‘irot» suv tarqatish inshootida 4 ta nasos (jami 6 ta nasos, shundan 2 tasi zaxirada) yordamida sutkasiga o‘rtacha 2400 kub metr ichimlik suvi 3 atmosfera bosimida yetkazib berilmoqda. «Qo‘ng‘irot» suv tarqatish inshooti sutkasiga 7000 kub metrgacha ichimlik suv yetkazib berish va bosimni 7-8 atmosfera bosimigacha ko‘tarish imkoniyatiga ega ekan.

Tuyamo‘yin-Nukus mintaqaviy suv o‘tkazgichidan foydalanish boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, “Aral” MFYda 7 km suv quvuri yangidan tortilgan. Ushbu hududdagi umumiy ichimlik suv tarmog‘i uzunligi 8,5 km bo‘lib, qolgan 1,5 km tarmog‘ini ta'mirlash ishlari 2019 yilning manzilli dasturiga kiritilishi rejalashtirilgan.

Foto: Mo‘ynoq tumani hokimligi

«Tik-ozek» OFYni ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida ichimlik suv tarmoqlarini qurish ishlari «Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish» jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Umumiy uzunligi 1,1 km bo‘lgan loyiha qiymati 159,5 mln so‘mni tashkil qiladi. Qurilish ishlari 2018 yilning dasturiga kiritilgan. Pudratchi “Keramika qurilis servis” MChJga ushbu maqsadda 30 foiz avans pullari o‘tkazib berilgan va pudratchi tomonidan 0,6 km polietilen quvurlar yotqizilgan. Mazkur dastur 2018 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

- Berilayotgan suv toza ichimlik suvi. Bu suvdan tomorqa yerni sug‘orish uchun foydalanib, isrof qilish mumkin emas, - deydi Mo‘ynoq tumani suv tarmoqlari korxonasi injyeneri Polat Qarabasov. - Aholiga suvni isrof qilmaslikni targ‘ib qilib kelmoqdamiz. Suv isrofgarchiligining oldini olish maqsadida 500 dona suv hisoblagich uskunasini olib kelib xonadonlarga o‘rnatish ishlarini boshlab yuborganmiz.

Foto: Mo‘ynoq tumani hokimligi
Foto: Mo‘ynoq tumani hokimligi

- Endi suv quvurlarida yuz berayotgan avariya holatiga kelsak, - deya qo‘shimcha qiladi P.Qarabasov. - 101 kilometrlik Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq oralig‘iga yotqizilgan suv quvurlaridagi stik (quvurlarning biriktirilgan joyi)lardan suv ketish holatlari bo‘lgan. Lekin bu holatlar o‘z vaqtida bartaraf qilinib turdi.

Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, Mo‘ynoq MFY yig‘ini raisi Abdijabbar Tleo‘ovning ta'kidlashicha, tuman aholisining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabi qanoatlantirib kelingan. Agar fuqarolardan murojaatlar kelib tushsa shu zohati o‘rganib chiqib, tuman hokimligiga yetkazilmoqda va o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rilishi ta'minlanmoqda.

- Mo‘ynoq xalqi suvning qadrini boshqa hudud aholisiga qaraganda juda yaxshi biladi, - deydi nuroniy Janabay Jusipov. - Avvallari aholi Amudaryodan yoki artezian quduqlaridan suv olib iste'mol qilib keldi. Yoz boshlangandan har xil kasalliklar ko‘payar edi. Prezidentimizga ming rahmat, o‘tgan yili asrlik orzuimiz bo‘lgan toza ichimlik suviga ega bo‘ldik.

Foto: Mo‘ynoq tumani hokimligi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yuborgan deputatlik so‘roviga esa o‘rnatilgan tartibda javob beriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili iyun oyida qiymati 26,6 mlrd so‘m bo‘lgan 101 kilometrlik Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq suv quvuri ishga tushirilgan edi. Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq suv quvuri tarmog‘ini yotqizish tashabbusini prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning yanvarida Qoraqalpog‘istonga uyushtirgan safari vaqtida ilgari surgan.

Top