«Zavodlar Andijon aholisining 1 foizini ham ish bilan ta'minlay olmaydi». Prezident yangi dastur taklif qildi
19 may kuni Ulug‘nor tumani hokimligida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyati va tumanlari hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
«Viloyatdagi yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishni ta'minlaydigan eng muhim yo‘nalish — tadbirkorlikni rivojlantirishdir. Bu yerning odamlari tarixan uddaburon va ishning ko‘zini bilishi, tashabbuskor va mehnatkashligini barchamiz yaxshi bilamiz. Shuni inobatga olib, bugun Andijonda «Har bir oila — tadbirkor» degan shior ostida yangi dasturni amalga oshirishni taklif qilmoqchiman.
Andijonda aholi ko‘pligi va ularning zich joylashgani sababli bir-ikkita zavod aholining 1 foizini ham ish bilan ta'minlay olmaydi. Biz hadeb maqtanamiz: «Andijonda mashina zavodi bor», deb. Xo‘p, mashina zavodi necha foiz odamni ish bilan ta'minlayapti?! Bu nima degan gap?!
Bu muammoni ommaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish orqali hal etishimiz kerak. Xonadonlarga mablag‘ va zarur uskunalar berib ishlashni o‘rgatsak, ana shunda odamlar o‘z oilasini boqishi uchun doimiy va ishonchli daromad manbasiga ega bo‘ladi. Bu g‘oyadan asosiy maqsad — viloyatdagi 740 ming oilani qo‘shimcha daromad topishga undovchi tadbirkorlik tizimini shakllantirish va pirovard natijada Andijon xalqining turmush sharoitini yaxshilash hisoblanadi.
Dasturning mazmuni, avvalambor, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan odamlarga yanada kengroq imkoniyatlar yaratishdir. Qolgan oilalarni esa tadbirkorlikka keng jalb qilish va kerak bo‘lsa, o‘rgatishimiz lozim. Bu ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish uchun quyidagi choralarni ko‘rish zarur:
Bosh vazir o‘rinbosari (Qo‘chqorov) viloyatdagi iqtisodiy kompleksga kiruvchi moliya, soliq, mehnat, banklar, savdo-sanoat palatasi, fermerlar kengashi, mahalla fuqarolar yig‘ini vakolatlaridan iborat ishchi guruh tuziladi.
Mana, men bugun hamma narsani tushuntirdim. Bir narsani bilinglar: bu juda katta siyosiy masala. Andijonda har bir oilani tadbirkor qilamiz. Sharoit yaratamiz, pul beramiz. O‘zim ko‘p o‘qiganman, Amerikada kam ta'minlangan oilalarni boqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ko‘ra, agar kichkina hovlisi bo‘lsa, 4-5 qavat etajyerka qilib, tovuq boqtiradi. Ko‘p qavatli uylarda esa broyler kurka boqiladi. Mutasaddi tashkilot har oyda kelib ish qanday ketayotganini ko‘rib ketadi.
Bitta narsani tushuninglar: katta ko‘chada katta korxonani qurib qo‘ygan bilan, uyning ichidagi muhitni o‘zgartirmasak, odamning o‘zini o‘zi boqishi bo‘yicha dunyoqarashi o‘zgarishiga majbur qilmasak, vaziyat o‘zgarmaydi. Davlatning eng katta vazifasi ham shu. Xullas kalom Andijon viloyatida har bir xonadon daromad qilishi shart», deya prezident so‘zlarini keltiradi «Kun.uz» muxbiri.
Mavzuga oid
18:32 / 04.11.2024
Tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi
07:50 / 02.11.2024
Bandlik vazirligi ishsizlik darajasi kamayganini ma’lum qildi
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
11:00 / 30.10.2024