12:57 / 21.05.2018
55148

Iymonni zaiflashtiruvchi holatlardan ogoh bo‘lish lozim

“Islom nuri” dasturining bugungi mavzusi iymon haqida. Bu galgi suhbatdoshimiz poytaxtdagi Shayx Ziyovuddinxon jome masjidi imom xatibi Erdon Esonov.

YouTube'da tomosha qilish

Tas-IX'da tomosha qilish

- Alloh taolo borliqni, yeru osmon va mavjudotlarni yaratganidan so‘ng, maxluqot va mavjudotning afzali, sayyidi etib insoniyatni yaratgan. O‘zi tomonidan tushirgan barcha shariatlar, barcha kitoblarida Alloh taolo insonni sayyidul maxluqot ekanligini, butun borliq inson manfaati uchun xizmat qilishligini ma'lum qildi. Jumladan, Qur'oni karimda ham ushbu mazmundagi oyati karima uchraydi. Odam alayhissalomdan tortib, to qiyomatgacha yashaydigan insonning oldida yagona bir vazifa qo‘yilgan. Hamma shariat, hamma payg‘ambar alayhimusallomlarning vazifalari, g‘oyalari bitta bo‘lgan – “La ilaha ilalloh”, ya'ni Allohdan o‘zga iloh yo‘q, degan kalimaga insoniyatni chaqirish.

Biz ko‘p zikr qiladiganimiz, aslida, mana shu. Iymon, ya'ni bu ishonch. Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Hazrati Umar (r.a) orqali rivoyat qilingan hadisda Hazrati Umar marhamat qiladilar: “Biz bir kuni payg‘ambar alayhissalom bilan birga o‘tirgan edik. Nogoh huzurimizga oppoq kiyimli, sochlari qop-qora, birortamiz tanimaydigan, lekin musofirlik belgisi ham ko‘rinmayotgan bir odam kirib keldi. To‘g‘ri kelib payg‘ambarimiz ro‘paralariga o‘tirib oldi, tizzalarini tizzalariga tekkizib o‘tirdi. Qo‘llarini rasulimizning muborak sonlariga qo‘yib savol berdi. “Ey Muhammad, menga iymondan xabar bering. Iymon nima?”. Rasuli akram bu savolga quyidagicha javob berdilar: “Iymon Allohga, uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga va taqdirning yaxshi-yomoni Allohdan ekanligiga ishonchingizdir”.

Shayx Ziyovuddinxon jome masjidi imom xatibi Erdon Esonov

Ulamolar iymon tushunchasini barcha ilmlarni o‘rgangan holatda, qisqacha tarzda ifodalashgan. Ya'ni, iymon degani til bilan iqror bo‘lib, dil bilan tasdiqlashlik. Bu Allohning yagona iloh ekanligini til bilan aytib, dil bilan uning yakkaxudoligini, rizq beruvchi yagona Iloh ekanligini tasdiqlashdir. 

Shu yerda bir holatga e'tibor berishimiz kerak bo‘ladi. Til bilan iqror va dil bilan tasdiqlash bir-birini to‘ldiruvchi tushunchalardir. Agar til bilan iqrorning o‘zi mo‘minlikka, iymonga kifoya qilib, dil bilan tasdiq muhim emas deydigan bo‘lsak, bu xato bo‘ladi. Dil bilan tasdiq shart, chunki munofiqlar xuddi shunday yo‘l tutishadi. Bu tarixdan ham ma'lum. Dil bilan tasdiqning o‘zi ham mukammal bo‘lmaydi. Imkon bo‘la turib, tilida iqror bo‘lmaslik iymonning mukammalligiga dalolat qilmaydi. 

Behuda ishlar bilan shug‘ullanishlik iymonni susaytiradi, iymonni zaiflashtiradi. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar payg‘ambar aylayhissalomning bir ta'limotlariga e'tibor qaratishlari lozim, ya'ni o‘tirish, turish, kim bilan yurish, qayoqqa borish, qayoqqa kelish masalalari, noma'qul joylarda o‘tirish, noqobil insonlar bilan do‘st, hamkor, hamfikr bo‘lish iymonning zaiflashuviga olib keladi, dedi E.Esonov.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top