O‘zbekiston | 07:49 / 25.05.2018
13991
7 daqiqa o‘qiladi

Yangi qaror: Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik munosabatlari yanada rag‘batlantiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik munosabatlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 apreldagi PQ - 3651-son qaroriga muvofiq:

nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini rivojlantirish va davlat-xususiy sherikchilik munosabatlarini rag‘batlantirish bilan bog‘liq tadbirlarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasida alohida ochiladigan maxsus hisobvaraqda jamlanishi;

davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida tashkil qilinadigan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalariga davlat maktabgacha ta'lim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan summaning 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyetidan subsidiyalar ajratilishi belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilindi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasining maxsus hisobvarag‘i mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom;

Davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida faoliyat yuritadigan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2018 yil davomida maxsus hisobvaraq tashkil etilgunga qadar tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasini tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlar maxsus hisobvaraqda jamlangan mablag‘lar hisobidan qoplab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasining maxsus hisobvarag‘i mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, maxsus hisobvaraq mablag‘laridan ustuvor ravishda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligida shakllantirilgan tuzilgan bitimlarning yagona reyestriga kiritilgan tadbirkorlik sub'yektlarining davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etishni nazarda tutuvchi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida foydalaniladi.

Maxsus hisobvaraq mablag‘laridan zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligida shakllantirilgan tuzilgan bitimlarning yagona reyestriga kiritilmagan tadbirkorlik sub'yektlarining nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etishni nazarda tutuvchi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ham foydalanilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi ijro etuvchi direksiyasi hamda tijorat banklari o‘rtasida 3 yillik imtiyozli davr bilan kamida 15 yil muddatga foizsiz mablag‘ ajratish to‘g‘risida bosh kelishuv imzolanadi.

Maxsus hisobvaraqdan tijorat bankiga mablag‘ ajratish bo‘yicha bosh kelishuvda bank ushbu mablag‘lardan tadbirkorlik sub'yektlariga mazkur Nizomda nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida kredit berish uchun foydalanishi qatiy belgilanadi.

Maxsus hisobvaraqdan tijorat banklariga tadbirkorlik sub'yektlarining loyihalariga kredit uchun ajratiladigan mablag‘lar kredit ajratish muddatiga qarab, tegishli balans hisobvaraklarida hisobga olinadi.

Tijorat banklari kredit ajratish bo‘yicha buyurtmalarni bosh kelishuvga asosan Jamg‘armaga taqdim etadi.

Jamg‘arma tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan buyurtmalarga asosan 3 bank ish kunida kredit ajratish uchun ushbu mablag‘larni tijorat banklarining tegishli balans hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

Tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratish maxsus hisobvaraqdan tijorat banklariga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga 3 yillik imtiyozli davr bilan 15 yil muddatga yillik 1 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga kreditlar qaytarishlik, to‘lovlilik, ta'minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.

Tijorat banklari maxsus hisobvaraqdan ajratilgan mablag‘lar hisobidan berilgan imtiyozli kreditlar va ularning maqsadli sarflanishi yuzasidan belgilangan tartibda Jamg‘armaga hisobot topshiradi.

Davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida faoliyat yuritadigan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, subsidiyalar nodavlat ta'lim muassasalariga xar oyda ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan har bir bola uchun (9 va 10,5 soatlik ish rejimidagi) davlat maktabgacha ta'lim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatlar summasining kuyidagi miqdorlarida ajratiladi:

Toshkent shahrida - 30 foiz;
Nukus shahri hamda viloyat markazlarida - 40 foiz;
qolgan hududlarda - 50 foiz.

Subsidiyalar miqdorini belgilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida bir nafar tarbiyalanuvchi uchun sarflanadigan xarajatlar miqdori aniqlanadi. 

Davlat maktabgacha ta'lim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasi bir yilda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan maktabgacha ta'lim muassasalarining xarajatlar smetalari ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng ularga ajratilgan mablag‘lar miqdorini umumiy bolalar soniga bo‘lgan holda aniqlanadi.

Bunda, bir nafar tarbiyalanuvchi uchun sarflanadigan xarajatlar summasini hisoblashda "Asosiy vositalar bo‘yicha xarajatlar”. “elektr energiya va tabiiy gaz xarajatlari”, ixtisoslashtirilgan va sanatoriya tipidagi maktabgacha ta'lim muassasalarini saqlash uchun rejalashtirilgan mablag‘lar va ularda qatnovchi bolalar soni hisobga olinmaydi.

Yil davomida qonun hujjatlariga muvofiq ish haqi miqdorlari va shartlari o‘zgargan hollarda davlat maktabgacha ta'lim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasi miqdori tegishli qismi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqiladi.

Subsidiyalar tegishli moliya yili uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti. viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjyetlari parametrlarida ta'lim sohasi uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda moliya organlari deb ataladi) tomonidan rejalashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid