00:56 / 28.05.2018
33474

Serxio – jangchi. U sindirmoqchi emas, balki to‘xtatmoqchi edi

Serxio Ramos va Muhammad Saloh bilan bog‘liq vaziyat Chempionlar Ligasi finalidan o‘rin olgan «Real» - «Liverpul» (3:1) bahsining markazidan joy oldi.

Ma'lumki, Serxioning qo‘polligi natijasida, misrlik futbolchi yelkasidan jarohat olib, maydonni erta tark etdi. 

Eurosport.ru jurnalisti Pavel Gorodnitskiy bu haqda o‘z mulohazalarini bayon qildi. Quyida uning maqolasini keltiramiz.

Ramos atayin Salohni o‘yindan chiqarib yubordi deb aytayotgan odamlar uch toifaga bo‘linadi. Birinchisi Misr terma jamoasi muxlislari va ular tabiiyki alamzada, boshqalari «Real»da faqat zulmni ko‘radi va bu klubdan qattiq nafratlanadi, uchinchisi futbolni umuman tushunmaydi va tuturug‘i yo‘q gaplarni aytadi.

Serxio Muhammadni o‘ziga xos texnik amal bilan bilan to‘xtatib qoldi - unda «Kel, bu yigitning yelkasiga jarohat yetkazib, kiyinish xonasiga ravona qilaman» degan fikr haqida o‘ylash uchun lahza soniya ham yo‘q edi. Bundan tashqari, Ramos Salohning o‘ng qo‘lini ushlab oldi, jarohat esa chap yelkasiga yetkazildi. Bunday ayyorlikni amalga oshirish uchun Klavdiy Galen darajasidagi biomexanik bo‘lish talab qilinadi.

Muhammad bilan bog‘liq vaziyatni ming martalab qaytadan, har xil rakurslardan ko‘rib chiqish mumkin, ammo bu kurashchilar amali baribir Ramosning eng dahshatli 300ta jinoyatiga ham kirmaydi.

Katta ehtimol bilan Madrid klubi sardori Zidanning topshirig‘ini bajargan - «Liverpul»ning tezkor hujumchilariga iloji boricha o‘yin bermaslik, ularda hayvoniy qo‘rquv uyg‘otish va jarima maydoniga umuman yaqinlashtirmaslik.

Foto: Shutterstock

Agar bir necha qadam bosgach, oyog‘ingdan zarba yeyishing va atigi jarima zarbasi ishlab olishingni bilsang, to‘g‘ri qaror qabul qilish murakkablashadi, shoshma-shosharlik vujudga keladi, natijada noaniq uzatmalar va boshqa xatolarga yo‘l qo‘yasan. Zizu aynan mana shuni ko‘zlagan edi, maydonni tark etayotgan Muhammadning ko‘z yoshlarini emas.

Bu vaziyatda Ramosni haqorat qilish - katta bema'nilik. U butun umri davomida shunday o‘ynayapti, qo‘polligi uchun kartochkalar bilan jazolanib, diskvalifikatsiya qilinyapti, lekin hech qachon uslubini o‘zgartirmaydi. Chunki bu uslub juda samarali. 

Foto: Twitter/ChampionsLeague

Serxio dunyodagi qobiliyatli, tezkor va taktik jihatdan aqlli himoyachi emas, ammo uning ehtirosi, taslim bo‘lmasligi va shijoati yillar davomida top saviyada qolishiga yordam bermoqda.

Salohning qo‘lidan ushlab, yiqitishga o‘xshagan jirkanch qoidabuzarliklar va Kariusni xato qilishga majburlaydigan harakatlar - bu strategiyaning bir qismidir. Ramos hech qachon birorta jyentlmencha sovrinni qo‘lga kiritolmaydi, ammo, «Real»ning natijaga erishishi uchun borini beradi. Zolim sifatida gavdalanish uning uchun oddiy hol, muhimi - jamoa g‘alaba qozonsa bo‘ldi.

Qayd qilish joizki, Serxioning gunohlari ancha bo‘rttirib ko‘rsatilmoqda. Masalan, og‘riqdan oh chekayotgan Salohning oldida tilini chiqarib turgan fotosurati uchun u kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilinmoqda, vaholanki, bu fotomontaj. Yon hakam bilan tirjayib suhbat qurayotgan rasmi uchun uni itlarga yem qilish taklif qilinmoqda. Ispaniyalikning instagramiga esa bolalarni yo‘latmagan ma'qul, chunki u haqorat va do‘q-po‘pisalarga to‘lib ketgan.

Change.org saytida esa aqli zaiflar tutaqib ketishdi. Ramosga qarshi petitsiyani 170 ming odam imzolagan. Ularning mantig‘idan kelib chiqadigan bo‘lsak, har qanday qo‘pollik uchun dunyoning istalgan himoyachisini umrbod futboldan chetlatish lozim - ko‘rinib turibdiki, bu kasal odamning alahlashidan boshqa narsa emas.

Salohning jarohatlangan yelkasi natijasida dunyo yangi Ramosni ixtiro qilmadi, ispaniyalik har doim qo‘pol o‘ynashini hamma bilardi. Bu voqeani unutish lozim, ayniqsa, Serxioning uzridan so‘ng. Ha, Muhammadning omadi kelmadi, ammo u aynan shunday baxtsizlikka shartli «Bornmut»ga qarshi o‘yinda ham yo‘liqishi mumkin edi.

Foto: Getty Images

Salohning finaldagi jarohati, Kariusning xatolari darajasidagi fojiaviy tasodifdir. Shunchaki, bu kecha mersisaydliklar uchun atalmagan edi. Ba'zan shunaqasi bo‘lib turadi, ammo bu «Liverpul» fojiasidir, Ramosning razilligi, Benzemaning ayyorligi yoki Beylning omadi emas.

Top