Jamiyat | 00:56 / 29.05.2018
6982
3 daqiqa o‘qiladi

Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda Serjantlar forumi o‘tkazildi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi tomonidan Qarshi shahridagi Madaniyat va aholi dam olish maskani va Nuriston dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda Favyulodda vaziyatlar vazirligi hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda ikki kunlik Serjantlar forumi o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Forum ishining birinchi kunida Qarshi shahri harbiy prokuraturasi, viloyat hokimligi xotin-qizlar bo‘limi hamda davlat va jamoat tashkilotlaridan vakillar ishtirok etib, bugungi kunda harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, oiladagi hamjihatlikni mustahkamlash omillari, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tamoyillari xususida to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, bo‘linmalarda axloqiy-ruhiy muhit va harbiy intizomni mustahkamlashda kichik komandirlarning tutgan o‘rni va roli, ular tomonidan erishilayotgan yutuq va kamchiliklar, askarlar hamda shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarni ma'naviyati va jangovar tayyorgarligini yanada oshirishda innovatsion yondashuvlar, mashg‘ulot jarayonlarida interfaol usullardan keng foylanish masalalari hamda istiqboldagi rejalar muhokama etildi. 

Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Forumning ikkinchi kuni Nuriston dala o‘quv maydonida jangovar tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Serjantlar tarkibi 12 ta o‘quv joyiga bo‘linib, ko‘rgazmali hamda amaliy mashqlarda ishtirok etishdi. Amaliy o‘q otish maydonida harbiy okrug jangovar tayyorgarlik bo‘limi tomonidan “zamonaviy” nishonga qarata o‘q otildi. Mazkur nishonni ishlash mexanizmi juda sodda tuzilgan bo‘lib, otilgan o‘q zarbidan qulagan payt qizil rangli ishora nishoni ko‘tariladi. Bu esa shartli dushman yakson etilganini uzoqda turib, tez va oson payqash imkonini beradi. Uni dastlabki holatga qaytarish uchun nishonga ulangan sim dastagidan foydalanadi. Mashg‘ulot davomida nishonni ishlash mexanizmini yanada takomillashtirish bo‘yicha serjantlar tomonidan bir qator takliflar berildi.  

Forum yakunida harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan serjantlar kengashida faol qatnashgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mavzuga oid