Jahon | 11:17 / 29.05.2018
7813
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Xitoy butun jahon hamjamiyati manfaati yo‘lidagi kun tartibini taklif qilmoqda – ShHT bosh kotibi  

Foto: Stanislav Krasilnikov/TASS

Xalqaro maydondagi muhim ishtirokchilar bo‘lgan Rossiya va Xitoy butun jahon manfaati yo‘lida ijobiy xalqaro kun tartibini taklif qilmoqda. Bu haqda 29 may kuni Pekinda “Rossiya va Xitoy” xalqaro anjumanining ochilishida Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Rashid Alimov aytib o‘tdi. Joriy yilda anjuman “Global va mintaqaviy xavfsizlik chaqiriqlari: Rossiya va Xitoyning hamkorligi uchun imkoniyatlar” mavzusida bo‘lib o‘tadi.

“Rossiya va Xitoyning global miqyosdagi rolini ortiqcha baholash murakkabdir. Bu ikki katta davlat – BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari bugungi kunda xalqaro maydonda muhim ishtirokchilar hisoblanadi va butun jahon hamjamiyati manfaati yo‘lida ijobiy kun tartibini taklif qilmoqda, global jarayonlar dinamikasiga faol ta'sir qilmoqda”, deb aytgan Alimov. 

Alimov Rossiya va Xitoyning O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston bilan yaqin hamkorlikdagi sa'y-harakatlari evaziga davlatlarning imkoniyatlari yoki salohiyatlari, iqtisodiyotining ko‘lami, aholisi soni yoki kuchli harbiy salohiyati bor-yo‘qligiga qaramay davlatlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga imkon beruvchi yangi turdagi tashkilot – ShHT yaratilganini qayd qilib o‘tdi. Boshqacha aytganda, ShHTda katta yoki kichik, kuchli yoki kuchsiz davlat yo‘q, unda Yevrosiyo mintaqasining farovonligi, tinchlik va barqarorlik uchun ko‘p rejali hamkorlikni rivojlantiruvchi teng huquqli sheriklar bor.

Alimovning aytishicha, Hindiston va Pokistonning ShHTga kiritilishi bilan tashkilot global ko‘rinish oldi. Bugungi kunda ShHT hududida sayyoramizning 44 foiz aholisi yashaydi. Bu aholidan yarmidan ko‘prog‘i iqtisodiy faol, jumladan yuqori bilimga ega yigit-qizlardir.

“ShHT yirikroq, kuchliroq va nufuzliroq bo‘ldi, u global ko‘rinish oldi. Tashkilotning hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha salohiyati oshdi. ShHTning xavfsiz va barqaror kelajak, Yevrosiyo hududida birgalikda barqaror rivojlanish uchun javobgarligi ham oshdi. Shu munosabat bilan Xitoy va Rossiyaning ShHT doirasida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga ulushi, zamonaviy tahdid va chaqiriqlarga  birgalikda javobi tobora oshib boradi”, deb ta'kidlab o‘tgan Alimov.

Alimovning aytishicha, “insoniyat bugungi kunda dunyo tartibining yangi modeliga keskin ehtiyoj sezmoqda”. Uning ta'kidlashicha, “insoniyat tarixining shu buriluvchi bosqichida “Shanxay ruhiyati” tamoyillari borgan sari jozibaliroq ko‘rinish olmoqda, xalqaro munosabatlarni ishonch, teng huquqlik va o‘zaro hurmat negizida rivojlantirishga intiluvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar soni oshib bormoqda”.

Mavzuga oid