“Islom nuri” dasturining navbatdagi hamsuhbati poytaxtdagi “Islomobod” jome masjidi imom xatibi Abdulhamid Jumanov bo‘ldi. U kishi bilan Ramazonda rizqning mo‘l bo‘lishi va rizqni yanada kengaytirish borasida, saxovat hamda baxillik mavzularida suhbat qurildi.
YouTube'da tomosha qilish
Tas-IX'da tomosha qilish
- Musulmon kishi Ramazon oyida yaxshi amallarni ko‘proq qilib, nasibasini ziyoda qilib olishga harakat qiladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning hadislarida marhamat qilinadiki: “Ramazon oyida bir inson Alloh taologa yaxshi amal bilan yaqinlik hosil qiladigan bo‘lsa, Allohning uning bu solih amaliga boshqa oyda qilingan farz ibodatning ajrini beradi”.
Har bir ishimizda, har bir amalimizda ergashadigan zot bor – payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v). Buni dunyoviy misolda keltiradigan bo‘lsak, odamlar kimnidir o‘zlariga kumir qilib olishadi. Ammo mo‘min-musulmonning namuna oladigan kishisi Payg‘ambarimiz alayhissalom. Chunki biz dinni Rasululloh (s.a.v)dan o‘rgandik.
Payg‘ambar (s.a.v) haqida hadisda marhamat qilinadiki, Rasuli akram (s.a.v) har bir oyda saxovatli edilar. Shu o‘rinda u kishining sunnatlarini aytib o‘tmoqchiman: Rasululloh (s.a.v) biror inson so‘rasa, “yo‘q” degan so‘zni hech qachon ishlatmaganlar. Qaysi inson o‘z hojati bilan u kishining oldilariga kelsa, u kishi unga hech qachon “yo‘q”, deb rad javobini bermaganlar. Boya aytganimdek, u Zot boshqa oylarda ham saxovatli edilar, biroq sahobalar aytishadiki, Rasulullohning saxovatlari Ramazonda ziyoda bo‘lardi. Biror bir inson Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning saxovatlaridan chetda qolmas edi.

Shu o‘rinda biz e'tibor beradigan ajoyib nuqta bor. Biror-bir tarixiy manbada Payg‘ambarimiz alayhissalom badavlat bo‘lganlar, deyilgan joyi yo‘q. Hammamiz bilamiz, Rasuli akram (s.a.v)ning uylarida ikki kun ketma-ket qozon qaynamagan, u kishining ochlikdan qanchalik mashaqqat chekkanlarini bilamiz. Uylarida ham ortiqcha hech bir narsa bo‘lmagan. Shunga qaramay, u Zot saxovat qilar edilar. Bundan qanday manfaat olinadi?















