O‘zbekiston | 22:43 / 31.05.2018
8914
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ​individual soliq va bojxona imtiyozlari berish amaliyoti maksimal darajada chekl​anmoqda

O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish doirasida sog‘lom raqobat muhitini ta'minlash uchun individual soliq va bojxona imtiyozlari berish amaliyotini maksimal darajada cheklash, imtiyozlar va preferensiyalar berish, ularning iqtisodiy jihatdan asosliligi hamda samaradorligini baholash tizimini, shuningdek, ulardan foydalanishni monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish kutilmoqda.

Shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarini faqat aniq maqsadda berish tartibini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ularni qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish, samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini byudjyetga majburiy qaytarish mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni imzolagan “Imtiyozlar va prefentsiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida shunday deyiladi.

Hujjatda yozilishicha, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta'minlashi zarur.

Vaqtinchalik imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar esa bundan mustasno bo‘ladi. 

Bundan keyin imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlanadi.

Mavzuga oid