16:07 / 01.06.2018
16020

Toshkentda tadbirkor kvartiralarni noqonuniy sotgani uchun 9 yilga qamaldi

Illyustrativ foto/MIA «Rossiya segodnya»

Transport, qurilish sohasi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini har tomonlama va obektiv, amaldagi qonunchilik talablariga asoslangan holda ko‘rib chiqish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Bunda, murojaatlarda ko‘rsatilgan masalalarning amaliy yechimiga alohida e'tibor qaratilmoqda, deb xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning aprel oyida Bosh prokuraturada Sergeli tumanida joylashgan yotoqxonalardan birida yashovchi fuqarolar qabul qilingan.

Aniqlanishicha, fuqaro A.T. “Nova Universal” MChJ rahbari bo‘la turib, O‘zbekiston Respublikasi IIV balansida bo‘lgan 9 qavatli yotoqxona binosini zamonaviy mehmonxona majmuasi qurish uchun 300 mln. so‘m investitsiya kiritish sharti bilan tender tanlovida “nol” qiymatda sotib olgan.

“Nova Universal” MChJ va Davlat mulk qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi o‘rtasida 15.09.2005 yilda yotoqxona binosining oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. A.T. investitsiya majburiyatlarini bajarganligi haqida hujjatlarni soxtalashtirib, 08.01.2007 yilda binoga egalik huquqini beruvchi 2-sonli davlat orderini olgan.

Shundan so‘ng, A.T. ushbu yotoqxonaning uy-joy fondiga kiritilmagan 27 ta xonadonni fuqarolarga hujjatlarini keyinchalik tegishli tartibda rasmiylashtirishga va'da berib, 103.416.000 so‘mga sotib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining 04.04.2011 yildagi hukmiga ko‘ra, A.T. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sud hukmi bilan sudlanuvchidan jabrlanuvchilar foydasiga 103.416.000 so‘m zarar summasi undirilgan. Biroq, jabrlanuvchilar olingan xonadonlarga nisbatan mulk huquqini qonuniylashtirishni talab qilib, ushbu pul mablag‘ini olishni rad etgan.

Bosh prokuratura aralashuvidan so‘ng qayd etilgan oilalarni uy-joy bilan ta'minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Top