Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumani, M.Otajonov fuqarolar yig‘inida yashovchilar tomonidan hududdagi odamlar iste'mol qilayotgan suv sog‘liq uchun zararli ekani, 2006 yil toza ichimlik suvi quvurlari olib tashlangani sababli 13 yildan buyon aholi qo‘lbola quduqlardan foydalanib, tozalanmagan suv iste'mol qilayotgani, natijada aholi orasida o‘t pufagi va boshqa ichki a'zolar xastaliklari ko‘paygani, bolalar va keksalar yillar bo‘yi turli infeksion kasalliklardan aziyat chekishayotgani bizga ma'lum qilindi. Muammoni chuqurroq o‘rganish maqsadida hududga bordik. Ilk ishimiz qishloq oilaviy poliklinikasi shifokori bilan suhbatlashish bo‘ldi.

— Chindan ham, M.Otajonov massividagi ichimlik suvi inson sog‘ligi uchun zararli. Hudud yer osti suvlari juda yuza joylashgan bo‘lib, ikki metrga yetar yetmas chuqur qazisangiz, suv ko‘rinadi. Hatto hojatxona va “kachalka” (ichimlik suvi olinadigan qo‘lbola suv chiqargich) juda yaqin masofada qurilgan holatlar ham bor. Hovlilardagi yerni kovlab qurilgan oddiy hojatxonalarning chuqurida ham ifloslangan suv ko‘rinib turadi. Mana shunday zararli va oqava suvlar qo‘shilib ketgani uchun bu hududdagi quduqlardan suv ichish mumkin emas, — deydi qishloq poliklinikasi umumiy amaliyot shifokori Kamuna Sultonovna.

Suhbat jarayonida shifokor o‘zi shu hududda yashasa-da, bu yerning suvidan iste'mol qilmasligi, Oqqo‘rg‘on tumanidagi toza ichimlik suvidan olib kelib foydalanishini ham aytib o‘tdi. Shifokor bu suvdan ichmas ekan, unda nega oddiy aholi ko‘ra-bila turib zararli suvni ichishayapti?!

— Lekin poliklinikada suv bor. Bu haqda tanqid yozmanglar yana, — deb qo‘shimcha qildi shifokor.

Qiziq, poliklinikada suv muammosi bo‘lmasa, unda uning hovlisida qo‘lbola suv chiqargich (kachalka) nima qilib turibdi?!

To‘g‘risi, biz bu shifokor opamizning xijolati sababini “juda yaxshi” tushundik. Shu bois gapimiz avvalida “Nega jurnalistga muammolarni aytding?”, deya qosh-qovog‘ini uyuvchi amaldorlarga aytib qo‘yaylik: Biz bu muammolarni birovdan eshitmadik. Bordik, ko‘rdik, guvoh bo‘ldik va yozdik. Har qancha gapingiz bo‘lsa, bizga ayting. Biz bilan suhbatda bo‘lgan shifokor va hamshiralar, oddiy odamlarni qistovga ola ko‘rmang. Sababi biz hali voqealar rivojini kuzatamiz va, zarurat bo‘lsa, yozishda davom etamiz.

Poliklinika muammolari haqida boshqa safar to‘xtalishni maqsad qildiku, faqatgina suv bilan bog‘liq o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, suratga tushirgan holatdan ko‘z yumib o‘tolmadik.