Xususan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti 60 foiz atrofida. Ta’minot bo‘yicha respublikadagi ko‘rsatkich eng past hudud Qashqadaryo viloyati sanaladi — 51,6 foiz.

Toza va chuchuk ichimlik suv avvalo cheklangan resurs hisoblanadi. Qolaversa, juda qimmat ijtimoiy xarajatlar toifasiga kiradi. Bu — butun dunyoda tan olingan haqiqat. Shunday ekan, suv hammaga yetishi uchun avvalo mamlakat miqyosida uni tejash talab etiladi. Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib bo‘lmaydi. Arzon narsa hech qachon qadrlanmaydi. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivatsiya berishi va majbur qilishi mumkin.

Hozir respublikamizning ko‘plab tumanlarida suv quvurlarida oldingidek suv oqmayapti. Chunki suv quvurlari boshidagi manbalarda ham avvalgidek suv zaxiralarining o‘zi yo‘q. Yerosti ichimlik suvlarining ham sathi yildan yilga pasayib bormoqda. Ariqlarda ham yoshligimizda ko‘zimiz o‘rgangan suvlar oqmay qo‘ydi. Masala jiddiyligiga bugun olimlar, jamoatchilik e’tibor qaratmoqda. Suv taqchilligi barcha muammolarni kuchaytirmoqda. Prognozlar esa vaziyatning naqadar qaltis ekanini ko‘rsatmoqda.

Qat’iy tejamkorlikka o‘rganmas ekanmiz, yaqin kelajakda vaziyat o‘ta jiddiylashib ketishi turgan gap.

Jahon banki tahlillariga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab 59 kilometr kubdan 62–63 kilometr kubgacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kilometr kubdan 52–53 kilometr kubgacha kamayadi. Bu esa joriy suv tanqisligini besh barobarga oshiradi. Ichimlik suvi ta’minotidan foydalanishda asosiy xavflar — chuchuk suvning taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, uning ifloslanishi, qurg‘oqchilik va boshqalardan iborat.

Suv narxi nega oshirilyapti?

Birinchidan, so‘nggi paytda O‘zbekistonda suv narxi nihoyatda arzonligi bois uni isrof qilish holatlari ko‘paygani jamoatchilik e’tiboriga tushgan.

Tarif narxlari oshishida birinchi navbatda suv isrofini kamaytirish va bozor narxlarini joriy qilish orqali, undan unumli foydalanish darajasini oshirish nazarda tutilmoqda.

Umuman olganda, ayni paytda ko‘plab mutaxassislar hukumatning suv tanqisligi muammosiga yangi yondashuvlar bilan kirib borishi muhim ahamiyatga egaligini takrorlamoqda. Bu jarayonda aholining suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish ham zarur. Ichimlik suvi basseyn to‘ldirish, bog‘ sug‘orish yoki avtomobil yuvishga emas, faqat iste’mol uchun sarflanishi kerakligini tushunib yetish lozim.