Jamiyat | 21:30 / 02.06.2018
8286
3 daqiqa o‘qiladi

Baliqchida respublika ishchi guruhi aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal qilishga kirishdi

Foto: Facebook/Bahodir Shermuhammadov

Prezident Sh.Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga muvofiq, respublika ishchi guruhi 29 maydan boshlab viloyatning Baliqchi tumanidagi 65 ta mahallada mavjud ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish bo‘yicha o‘z ishini boshlab yubordi.

Ishchi guruh mahallalarda aholini elektr, ichimlik suvi bilan ta'minlash, sog‘liqni saqlash, oilalarga imtiyozli kreditlar ajratish, nosog‘lom muhitni bartaraf etish, ta'lim sifati, yoshlarni ish bilan ta'minlash hamda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini takomillashtirishga doir masalalar yuzasidan ish olib bordi.

Jumladan, ishchi guruhi dastlabki kundanoq «Avesto» mahallasidagi ijtimoiy muhit holatini o‘rgandi. Mahallada joylashgan ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish boshlab yuborildi.

Ko‘p qavatli uylarning tomlari tunukali qoplamalar bilan almashtirildi. Yo‘laklar ta'mirlanmoqda. Irrigatsiya va kanalizatsiya tizimi tubdan yangilanmoqda. Zamonaviy bolalar o‘yingohlari qurilib, sport maydonchalari tashkil etilmoqda.

Baliqchi tumanining «Oqqo‘rg‘on» mahallasida respublika ishchi guruhi tarkibida faoliyat olib borayotgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mutasaddilari o‘z ishini davom ettirmoqda. Umuman, respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimlari tomonidan aniqlangan muammolarning 60–70 foizi joyida hal etilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur jarayonlarda yoshlar faolligi alohida e'tirofga loyiq. «Oqqo‘rg‘on» mahallasida istiqomat qilayotgan Jo‘raboyev Bobur 24 yoshda bo‘lishiga qaramay «Bek baraka» nomli fermer xo‘jaligini boshqarib kelmoqda. Bugungi kunda 18 bosh qoramol, 30 dan ortiq qo‘y-ko‘zi, 80 ta tovuq boqmoqda. 20 sotix yerga issiqhona qurmoqda. Shuningdek, turli poliz ekinlari yetishtirmoqda.

Eng asosiysi — Xitoydan blok g‘isht ishlab chikaruvchi uskuna xarid kilib, aholini arzon va sifatli g‘ishtlar bilan ta'minlamoqda. Ishchi guruhi yosh tadbirkorga 30 mln. so‘m kredit mablag‘larini qo‘shimcha ravishda olishga ko‘maklashdi. Tadbirkorning kelgusi rejasi davlatdan 1 mlrd. so‘m kredit olib, meva va sabzavotlar saqlovchi muzlatgich qurish.

Tumanda muammolar yuzasidan Ishchi guruhlar tomonidan «yo‘l xaritasi» tuzilgan va uning ijrosi qat'iy nazoratga olingan. Muammolarni joyida hal qilish tamoyili asosida ishlanmoqda.

Mavzuga oid