Sport | 23:04 / 02.06.2018
34786
23 daqiqa o‘qiladi

Xayrulla Hamidov maqolasi: “Real"ga 13 real chizgi..."

Abdulla Avloniyning mashhur iborasini sal o‘zgartirib aytaman: “Meni yuz yildan so‘ng uyg‘otsangiz, futbolda haliyam “Real Madrid” YeChLni yengib yurganini ko‘rsam, ajablanmayman!”

YeChL bahslarining navbatdagi mavsumi ham tugadi. Yana qirollik klubi chempion bo‘ldi. Xuddi “Atletiko”ni, xuddi “Yuventus”ni yengganidek, raqibini ikkinchi bo‘limda taslim etib yengdi. Bir-biridan farqli raqiblarni, uslubi turlicha bo‘lgan mamlakat maktablarini parchalashda davom etmoqda “Real”!

Maqolamiz avvalidayoq ko‘pchilik tomonidan muhokama qilinayotgan “Real” etalonmi, degan savolga javob berib ketsak, nima dedingiz?!

Hamkasblarimizdan biri Qahramon Aslanov bu borada chiroyli ta'rif keltirgan:

“Bu savol berilaveradi, berilaveradi. Yo‘q, deyish uchun «Real»ning so‘nggi besh yilda to‘rt marta tengsiz bo‘lgani xalaqit beradi. Ha, deyish uchun esa, jamoa o‘yinida, aytaylik, boshqa top jamoalarda bo‘lmagan, hamma intilishi kerak bo‘lgan alohida jihatlarni payqamaysiz.

Boshqacha aytish mumkin lekin. «Real» etalon emas. «Real» Yevropa futbolining cho‘qqisi emas. Aslida, bugungi kundagi haqiqiy cho‘qqi «Real»ni yutish, «Real»dan kuchliroq bo‘lishdir. O‘sha cho‘qqi hozir bo‘sh...”. 

Mening fikrim sal boshqacharoq: Bugungi “Real” etalon vazifasiga loyiqmi, yo‘qmi, bilmadimu, jamoaning o‘zi asriy futbolda etalon. Mutloq etalon. Uning etalonligiga 13ta sababni keltirib o‘taman. Nega 13taligini esa tushundingiz menimcha?!

Foto: Twitter/ChampionsLeague

1. “Real” – ibtido!

Nega ibtido, deysizmi, tushuntiraman. Real YeChLning nomi Yevropa chempionlar kubogi bo‘lgan davrlarda ham g‘oliblik masalasida kuchli bo‘lgan. Besh marotaba qatorasiga kubokni boshi uzra ko‘tarib, ushbu turnirning egasi aslida o‘zi ekanligini o‘shandayoq e'lon qilib bo‘lgan. Shu yillargacha o‘sha qatorasiga qozonilgan g‘alabalarni tasavvur qilishimiz qiyin edi, bugungi “Real” bu kayfiyatni tushuntirib berdi: demak, oltmishinchi yillar avvalidagi “Real” ham deyarli shunaqaroq yutib yurgan ekan. O‘zi umuman rasman 20-asrning tengsiz klubi deb topilgan klub haqida boshqacha ta'rif ishlatib bo‘larmidi?!

Foto: AFP

2. Real – barqarorlik ramzi!

Ha, “Real” boshqa superklublarga qaraganda barqarorroq. Ikkinchi jahon urushidagina uning faoliyatini va gullagan davrini ko‘rmaganmiz. Qolgan barcha zamonlarda qaymoqranglilar yulduzlar brigadasi bo‘lgan. Jamoa tarkibi eng muvaffaqiyatsiz davrlarida ham zamonaning saralaridan tashkil topgan. Hech bo‘lmasa, o‘z g‘aznasini milliy chempionat kubogi bilan to‘ldirib borgan.

Natijalarga qarab chiqsangiz kifoya qiladi.

Foto: Reuters

3. “Real” – klasiko muallifi!

“Real” cho‘qqida turgani uchun ham uning asosiy raqobatchisi – “Barselona” doimo o‘sishda bo‘lgan. Kataloniyaliklarning shakllanishida, ularning-da bardavom bo‘lishida “Real” jamoasining barqarorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ikkisi bir-biriga bu borada ko‘makdoshdirlar. Bugungi Messi-Ronaldu to‘qnashuvida ikki figura bir-biriga dastak bo‘layotgani kabi...

“Real” Ispaniya muhitidan boshqa joyda bu qadar kuchli va barqaror bo‘la olmasdi. Chunki “Barsa” mustamlaka o‘laroq doimo unga qarshi tish qayrab turaveradi. Madrid jamoasi doimo ogoh bo‘lishi, o‘sishdan qolmasligi kerak. APLda raqobatning bu turi yo‘q, Germaniya muhitida imkonsiz, Italiyada ham poytaxt va boshqalar o‘rtasidagi kelishmovchilik siyosiy darajaga ko‘tarilmagan. La ligadagi futboldan tashqaridagi munosabatlar yashil maydonga shu qadar ta'sirini o‘tkazganki, bir asr davomidagi kurash dunyo ahliga el-klasiko degan qo‘rqinchli so‘zni taqdim etdi. El klasikoga sabab bo‘lgan jamoa bu masalada ham etalon vazifasini bajarsa, hech kim qarshilik qilmas, a?!

Foto: ABC

4. “Real” – antikashfiyotchi!

“Real” hech qachon futbolga yangilik kiritishga intilmagan. Hech qachon futbolni kashfiyotlari bilan xursand qilmagan. Bu yomon jihatku, deyishingiz mumkindir, yo‘q, aslida yaxshi tomoni bor. Etalon bo‘lishni o‘z zimmasiga olgan klub shunday bo‘lishi kerak: u doimo yulduzlar ishtirokida jamoa tuzishga intilavergan. Taktik o‘zgarishlar asrida “Real” deyarli zikr etilmaydi. “Inter”ning katenachchosi, “Ayaks”ning total futboli, ”Arsenal”ning dubl-vesi, «Barsa»ning tiki-takasi va shunga o‘xshash klublarning yoniga qo‘shib aytiladigan sxemalar, allambalo taktikalar qirollik klubining quroli hisoblanmaydi. Jamoa doimo o‘z davri uchun yashaydi. Qirol bo‘lishni istaydi, qirollik esa, faqat qirollik bilan qo‘lga kiritiladi, bo‘ldi. Eng zo‘rlarni to‘playdi va o‘ynayveradi. Jamoaning inqiroziy damlari ham kuchli yulduzlar bilan kechgani shundan.

Bugungi “Real” Pepning “Barsa”sidan ham xatarliroq aslida. Chunki Gvardiolaning aniq va tiniq ko‘rinib turgan yangicha uslubi bor edi. Yangicha yo‘nalishni hamma xush ko‘radi va unga qarshi anti ishlarni amalga oshirish ham zavqli yumush. Va yangicha, hech qachon kuzatilmagan, asosan shu uslubning egalarisiz bajarish imkonsiz bo‘lgan o‘yin uzoq yashay olmaydi. U sun'iy o‘ylab topilgani uchun ham jonsiz robotni eslatadi.

“Real”ning kuchayishi real yo‘llar bilan, hayotiy bosqichlar asosida amalga oshgani uchun ham tirik odam misol ulg‘ayib boraveradi. Uning aniq ko‘rinib turgan jihati yo‘q. U faqat o‘yinga moslashadi, kuchini kerakli paytda chiqaradi. Bunday jamoaning raqiblariga juda qiyin, ishonavering. Ular hozirgi “Real”ni yenga olamiz, deb o‘z kuchlarini bus-butkul namoyish etadilar va aynan shu nuqtada xatoga yo‘l qo‘yadilar. Ular o‘sha onlardagi “Real”ning kuchini haqiqiysi shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydilar. “Real”ning haqiqiy kuchi shu onlardan keyin namoyon bo‘ladi. Doim. Mana shuning uchun ham qirollik klubi finalga chiqaveradi.

Foto: Getty Images

5. “Real” – eng boy klub!

“Real” doimo boy jamoa hisoblangan. Doimo. Tasavvur qiling, bir asrdan beri shunaqa ahvol. Klub g‘aznasi hech qachon bo‘shab qolganini eshitmaganmisiz? Dunyoning boshqa istalgan jamoasi tarixiga nazar tashlasangiz, bu borada yurak urishidagi belgi kabi o‘sish-qulashlarni ko‘rishingiz mumkin. “Real”ning doimo puli bo‘lgan. Futbolda moliya asosiy masala ekanini boshqalarga qaraganda shu jamoa tashkilotchilari oldinroq payqab bo‘lishgan.

“Real” tarkibiga kelayotgan yulduzlar ham bu maskanni aynan moliya borasidagi orzu maskani, deb bilishadi. Zaxirasida o‘tirib ham yetti avlodiga yetadigan pul ishlab olishi mumkinligini tushunishadi.

Foto: Reuters

6. “Real” – beshafqat!

G‘alati ta'rif, a? Inestaning xayrlashuv kechasini ko‘rdingiz a – Olimpiadaning ochilish marosimi bo‘lib ketdi kamida. Kasiles-ki, “Real” yulduzlaring bilan qanday xayrlashishni o‘rgan!”, - deb yubordimi, demak bu holat hammaga qanday tasavvur qilganini bilib olavering. Lekin men “Real”ning bu masaladagi pozitsiyani tushunishga urinib ko‘raman. Oqlamayman, tushunishga urinaman.

“Real”dan boshqa deyarli barcha jamoalar o‘z suyuklilari bilan odamga o‘xshab xayrlashadilar, nega endi qirollik klubi shunday qilar ekan, deb rosa o‘ylardim. Peres javob berdi o‘z intervyusida. Jurnalist, “Real” uchun sizchalik hech kim ko‘p yordam bermagan bo‘lsa kerak, u sizdan qarzdor ham, degan edi, qariya: “Real” barchamizdan ustun, unga qancha xizmat qilsak arziydi, u esa, hech kimdan qarzdor emas, bu klub hamma narsadan ustun”, deb javob berdi.

Barselonaning shiorini bilasiz: “Klubdan-da ustunroq!” Ha, bu Kataloniya oilasining pozitsiyasi. Zo‘r qarash, to‘g‘rimi? “Real”niki g‘irt teskari: “Klub hamma narsadan ustun!” Bo‘ldi. Bu sizga, bizga yoqadimi, yo‘qmi, farqi yo‘q. U shunday yashab kelmoqda. U o‘z darajasida qaraydi barcha yulduzlariga. Shaxsan menga ba'zi holatda shu odati yoqadi ham. To‘g‘ri, Raulni, Kasilesni ketkazib yuborgandagi ishi yaqinda balki Ronaldu bilan ham takrorlanar, lekin baribir “klub barcha tuyg‘ulardan ustun”, degan shiorga amal qilayotgan jamoa bitta bo‘lsa, shu ham «Real»dir.

Bu shunaqa “Real”, sen kelayotganingdayoq uning qanday maskanligini bilgansan, deydi, tamom, vassalom. Rim imperatorining qo‘lyozmalarda saqlanib qolgan gapi Italiyadan ko‘ra Madridda ko‘proq amalda: “Rimga qancha xizmat qilsang, Rim seni shuncha sharaflaydi, sen bu bilan o‘zingni sharaflaysan, uning obro‘sini zarracha ko‘paytirib qo‘ymaysan!”.

Shunaqa beshafqat, ammo boshqalarda topilmaydigan pozitsiya. Etalonlikka yaraydi-ya?!

Foto: AP

7. “Real” – galaktikos!

Tarix tarix bo‘lib yaralibdiki, har bir chizig‘i yulduzlardan tashkil topgan jamoa faqat “Real” bo‘lgan. Ha, qirollik klubi 21-asr kirib kelishi bilanoq futbolga boshqacharoq joziba taqdim etish niyatida har bir chizig‘iga dunyoning eng yaxshi vakilini tanlab, olib kela boshladi. Zidan, Figu, Ronaldo, Raul, Roberto Karlos, Ouen, Bekhem va Kasiles singari yulduzlar bir jamoa tarkibida qachon o‘ynay olardilarki, agarda dunyoda “Real” degan klub bo‘lmasa? Shu baxtni ko‘rganmiz. O‘sha tarkib aytarli natija qayd eta olmagan. Lekin baribir uning hammadan kuchli ekanini o‘shanda “Real”ni yengayotgan klublar ham yaxshi bilishardi. Aytmoqchimanki, yulduzlarni imkon qadar bir joyga jamlash va bu masalada cho‘qqiga chiqish ham Madrid rahbariyatiga nasib etdi. Faqat shu klubga. Etalon degan mezonga tushadi bu ham.

Foto: Reuters

8. “Real” - bahoriy jamoa!

“Arsenal”ning fojiasi mart oyiga kelib charchab qolishida, degan edi Anri bir paytlar. “Real” esa, jo‘jani bahorda sanashni xush ko‘radi. Kuzgi “Real” shu qadar ishonchsiz ko‘rinadiki, har yili shu klub besh oy o‘tgach o‘ziga kelib olishiga ishongingiz kelmaydi. Ammo kelib oladi. Marseloning turqiga o‘xshab tirjayib o‘ziga kelib oladi. Bahorgi o‘yinlarining shiddati tufayli u pley-offlarni yenga oladi. YeChLda qatnashayotgan klublarga bu jihat shubhasiz etalonlik vazifasini o‘tab beradi. Sakkiz oy davom etadigan musobaqani bir xil o‘tkazib bo‘lmaydi. Eng muhim pallagacha kuchni saqlab turishni eplagangina muvaffaqiyat qozonadi. Boshqa chora yo‘q. “Real” bu masalada namuna.

Foto: Real Madrid

9. Real – ikkinchi bo‘lim jamoasi!

“Real” ikkinchi bo‘limni super o‘tkazadi. “Yuventus” bilan o‘tgan yilgi finalni eslang, PSJ bilan kechgan bu yilgi bahsni. “Bavariya” bilan bo‘lgan ikkala o‘yinni. Va hatto boy berilgan – Bernabeudagi “Yuventus”ga qarshi og‘ir o‘yinni eslang.

“Yuventus”ga shlyapalar yechildi, o‘z uyida 0:3 hisobida yengilgan klubning raqib uyiga borib xuddi shuncha gol urib hisobni tenglashtira olgani katta matonat, tan olaman, biroq, “Yuventus” mana shu “o‘ziga kelib olishi” uchun bir hafta olganini, “Real” esa, hisob tenglashgach hujumlar yomg‘irini boshlashi uchun qandaydir daqiqalar olganini unutmasligimiz kerak. Menimcha, “Real”ga qiyinroq edi. Chunki bir kun oldin kambeklar qahramoni Kataloniya jamoasi ham xuddi shu hududda nima qilarini bilmay qolganini ko‘rdik, ya'ni o‘yin boshidan oxiriga qadar o‘zgara olmadi.

Finalda Salohsiz o‘ynagan “Liverpul” hatto yetakchi maydonda harakat qilganda ham qiyin bo‘lardi, deguvchilar son mingta topiladi. Fakt shuki, bu kechadagi g‘alaba ham ikkinchi qirq besh daqiqalikda qo‘lga kiritildi.

Foto: Twitter/LaLiga

10. “Real” – o‘zgarmaydigan jamoa!

O‘zgarmasligi qanday deysizmi? Sal yuqoriroqdan tushuntirib kelaman:

“Real” hammadan ham YeChL g‘oliblariga ko‘proq etalonlik vazifasini bajarmoqda. Yuqorida besh marotaba qatorasiga g‘olib bo‘lgan eski davrlarni esladik. Yaqin-yaqingacha buning imkoni yo‘qligini uqtirib kelishdi bizga. Hatto shu jamoaning o‘zi ham 1998 yili yengib, kelasi mavsum Kiyev “Dinamo”sidan zarba qabul qilib, turnirdan chiqib ketdi. 2000 yili yengdiyu, 2001 yilning bahorida oxirigacha bora olmadi. 2002 yili yana shohsupaga chiqishga musharraf bo‘lib, keyingi yillarda umuman bu joyni orzu qiladigan ahvolga tushib qoldi. Aytmoqchimanki, qirollik jamoasi o‘zi hamki bajara olmagan ishini bu safar uddaladi. Musobaqa YeChL nomini olgach, saviyali klublar ko‘payib ketdi va qatorasiga g‘olib bo‘lish ruhan og‘irlik qilib qoldi. Shu bois ham, “Yuventus”, “Ayaks”, “Manchester Yunayted” kabi klublar yenggan mavsumlaridan bir yil o‘tib, yana taxtga qayta olishmadi. “Real” esa buni uddaladi.

Yuqoridagi superklublardan farqli ravishda, u jamoasining tarkibini o‘zgartirmasdan, eski yigitlari bilan qo‘lga kiritdi. Oldinlari esa, har qanday g‘olib o‘z ustida yana ishlar, yangi yulduzlarni jamoaga olib kelardi. Bu o‘zgarishlar esa, jamoaga salbiy ta'sir qilar, hech qursa oxirgi uchrashuvda imkoniyat tuhfa eta olmasdi. “Real” futbolchi sotib olmadi, qaytanga o‘z baxtini bu klubda ko‘rmayotganlarga chiqish eshiklarini ko‘rsatdi. La liga o‘yinlari boy berilgan bo‘lsa hamki, YeChLdagi “ko‘zi ochlik” saqlanib qolindi. Chunki ularning hammasi bir yil muqaddam turnirda hech kim qilmagan ishni – qatorasiga ikkinchi marta kubokni yengishni bajarishgandi. Aynan ular bu g‘alabani yanada oshirish hissini yaxshi bilardilar. Yangi qo‘shilgan yigitda esa, bu tuyg‘u bo‘lmaydi. Bo‘lsa ham, sal notanishroq bo‘ladi. Oldingisida qatnashmaganku, to‘g‘rimi? Marselo, Ronaldu, Kross, Modrich va Benzema atalmish yulduzlar yuragida bu tuyg‘u yashab qolaverdi. Ular o‘zlariga o‘zlari raqobatchi bo‘la olishdi.

Foto: AFP

11. “Real” – qirol murabbiy maskani

Yuqoridagi holatlarga “Real” Madridning bosh murabbiyi, antiqa murabbiyi turtki bera oldi. Jamoadan ketishini-da antiqa suratda e'lon qilgan Zayniddin Zidan.

Daho futbolchi murabbiylik sohasida ham shu cho‘qqiga chiqish mumkinligini ko‘rsatdi. Zidan endi maestro. Unga nisbatan shu paytgacha ishlatib kelingan “omadli”, faqat “ruhiy dalda bo‘luvchi” degan ta'riflarni endi chetga uloqtiring. U taktik jihatdan ham ustasi farang ekanligini pley-off bahslarida isbotladi. Italiya klubiga qarshi butkul boshqacha yondashuv, Bavariyaga qarshi o‘ziga xos uslub, APL klubiga o‘zgacharoq qarshilik. Hammasida ham o‘ta aniq harakat qila olmagandir, ammo bir murabbiyga shuncha turlicha qarashlar menimcha yetarli bo‘lsa kerak.

Foto: Twitter/ChampionsLeague

12. Real – supergollar makoni!

Beylning finaldagi goli. Ronalduning Buffonga yo‘llagan to‘pi. Huv olisdagi Zidanning finaldagi g‘alaba goli. O‘sha gollarni eslang-da, boshqa qaysi klub pley-offda va hattoki finalda bu qadar sifatli gollar urishi mumkinligini o‘ylab ko‘ring! Sog‘amas bu yigitlar... murabbiyidan tortib o‘yinchisigacha...

Foto: Twitter/ChampionsLeague

13. “Real” bu, real!

Va nihoyat klubning nomi – real! Hammasidan ham nomi zo‘r klubning. Har qanday holatda ham realmiz degani. Haqiqat, bor, mavjud narsa degani. Insonlar reallikka intilganidek, futbol Real futboliga intiladi. Yuqorida hamkasbimiz aytganidek, u eng zo‘r natijalar qayd etgan paytda ham nima uchun etalonligini-da bila olmaganimiz sababi ham shu: u o‘ta oddiy o‘ynaydi, allambalo uslublarni suymaydi, xatolari ham insoniy, qulaydi, turadi, yutqazadi, yutadi. Hayotiy yo‘l bilan rivojlanib boraveradi. Raqiblari kuchaysa, ulardan kuchayish yo‘llarini o‘sha paytning o‘zidayoq harakatiga tushadi. Oddiy, sodda, ammo buyuk qarashlar bilan.

Ramosning g‘irromliklari yonida o‘sha Ramosning so‘nggi soniyalarda yo‘llagan goli, xaloskorligi gavdalanib turaveradi. Penalti ishlash uchun oshkora tilanayotgan Ronalduni kuzata turib, beixtiyor bu qadar ayyor o‘yinchi yer yuzida topilmaydi, deb yuborasizu, sal o‘tib o‘zining golini yana bodilarcha nishonlayotganini ko‘rasiz. U uyalmaydi shunday nishonlashdan. Real o‘yinchisi u. Xarakteri shunaqa, realligini ko‘rsatadi. Aldamaydi, kamtarlik qilmaydi. Chunki u inson, inson esa, doim bir xil bo‘lmaydi.

“Real” shunaqa jamoa bo‘lgani uchun ham kimdir uni rosa yaxshi ko‘radi, kimdir uni otgani o‘q izlaydi. Odam bolasi borki, shunaqa. Hammaga yoqa olmagan. “Real” ham nomiga yarasha o‘z xarakterida sobit. U uslubida hech qanday yangilik qilmaganidek, xarakterida ham o‘zgachalikni ko‘rsatmaydi. Chunki Realda reallikdan boshqa narsa yo‘q. Uni boricha qabul qilishingiz kerak. Qabul qilgingiz kelmasa, unga farqi yo‘q. Shunday yashab qolaveradi.

Juda ko‘p jamoalarga nazar tashlasangiz, klubdagi o‘yinchilari bir-biriga o‘xshab ketgan bo‘ladi. Hech qursa taqlid ko‘zga tashlanadi. "Real"da esa, bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan nigohlar jamlangan: Marseloning yuziga qarang, bormi boshqa joyda yana bir Marselo? Ronalduning kibri, Beylning tushuniksiz qarashlari, Kazemironing yuvvosh nigohi, Modrichning bolalarcha yurishi, Ramosning yovvoyiligi, umuman, bu jamoa o‘yinchilarini birlashtirib turadigan narsa bormi? Bor bo‘lsa ham, u ham realligi, o‘zligi.

Foto: AFP

Men bu bilan boshqa klublarda o‘zlik yo‘q, demoqchi emasman. Aslo. “Real”da shu jihat ko‘proq, demoqchiman. “Real”ning muxlislariga ham qarab turib qoyil qolaman: “Ular hakamlar ochiqcha yon bosgan o‘yinlarda ham g‘alabani olqishlashadi, ichki xursandchiliklarini yolg‘ondakam qadriyatlar bilan andavalab o‘tirishmaydi. Ramos Salohni sindirib tashlasa ham, uni suyaverishadi. Jahlingiz chiqadi, ammo nima qilsin, u ichidagi bor tuyg‘usini tashqariga chiqaryaptiku, aldamayaptiku sizni. U “Real” klubi qanaqa bo‘lsa, shundaydir: g‘alaba uchun kitobiy tuyg‘ulardan voz kechib ketaveradi. “Real” rahbariyati o‘z yulduzini “bo‘ldi, sendan foydalanib bo‘ldik, ruxsat”, deb ketkazib yuborganida, jahlimiz chiqishi mumkinu, ammo boshqa tomondan o‘ylab ko‘rsak, ularning ichi bilan usti bir xilligini ko‘ramiz. Dunyoga yomon ko‘rinib bo‘lsa ham, o‘z rostiligini ko‘rsatishadi. Bu qiyin ish, ishonavering. Zo‘r tadbir qilib, chiroyli ta'riflar bilan yashab qolish ham mumkin ediyu, yo‘q, “Real”ning reallik xarakteri rahbariyatidan tortib murabbiylariga, futbolchilaridan tortib muxlislarigacha urib ketgan.

Rosti, bu qadar ayanchli so‘zlar bilan yakunlash niyatim yo‘q edi. “Real”ga o‘xshagim keldi. Ichimdagi gaplarni yozgim keldi. avragim kelmadi. Yoqsa-yoqmasa ham borim shu, degim keldi.

... Endi xohlagancha tanqid qilaveringlar. Chunki boshqa payt bu ishni qila olmasligingiz mumkin. Boshqa klublar haqida yozilganida, boshqacha yozaman, boshqa jihatlarini olib chiqaman. Salgina norealroq, bo‘rttirilgan jihatlarini. “Real” uchun esa, bori shu!!!

Mavzuga oid