O‘zbekiston | 00:40 / 02.06.2018
26476
7 daqiqa o‘qiladi

Mulkni baholovchi korxonalar toifalanadi, avvalgi shartnomalar tekshiriladi - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»ga qarori qabul qilindi.

Qarorda bugungi kunda baholash xizmatlari bozorida malaka sertifikatiga ega mingga yaqin baholovchilar mehnat qiluvchi ikki yuzdan ortiq baholovchi tashkilotlar faoliyat yuritayotgani, bir qator muammo va kamchiliklar professional baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga hamda baholovchi tashkilotlarga bo‘lgan ishonchni oshirishga to‘sqinlik qilayotgani sanab o‘tilgan.

Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish, baholovchilarning professionallik darajasi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, mazkur sohada bajariladigan ishlarning xolisligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadidaO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat raqobat qo‘mitasi deb yuritiladi), Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma'qullanmoqda:

a) baholash faoliyatini litsenziyalash va baholash tashkilotlari ustav kapitali (ustav jamg‘armasi)ning eng kam miqdoriga bo‘lgan talabni bekor qilish;

b) baholovchi tashkilotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazida akkreditatsiya qilish tartib-taomillarini joriy qilish;

v) Davlat raqobat qo‘mitasining:

  • baholovchining malaka sertifikatini berish funksiyasini – Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markaziga;
  • mulkni baholashning yangi standartlarini tasdiqlash, shuningdek, amaldagi mulkni baholash standartlariga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish va o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish funksiyasini – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga o‘tkazish.

Belgilanmoqdaki:

  • baholovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlari Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi tomonidan baholovchilarning professional birlashmalari takliflarini inobatga olgan holda tasdiqlanadi;
  • baholovchi tashkilotlarning ilgari berilgan litsenziyalari amal qilish muddati 2019 yil 1 yanvardan tugatiladi;
  • Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazida har yili malaka oshirish kurslarini o‘tagan taqdirda baholovchilarning ilgari berilgan malaka sertifikatlari amal qilish muddati tugaguniga qadar ularni qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Belgilanmoqdaki, baholovchi tashkilotning javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi amal qilishi davrida sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda sug‘urtalovchining sug‘urta qoplamasi to‘lovini amalga oshirishi yuzasidan majburiyati bo‘yicha sug‘urta puli:

  • ko‘char mulkni baholash uchun, qimmatli qog‘ozlar, ulushlar, intellektual mulk obektlari va boshqa nomoddiy aktivlar bundan mustasno – eng kam ish haqining 2000 baravaridan;
  • ko‘chmas mulkni baholash uchun, mulkiy kompleks sifatidagi korxona bundan mustasno – eng kam ish haqining 2500 baravaridan;
  • biznesni (mulkiy kompleks sifatidagi korxonani, barcha turdagi moddiy va nomoddiy aktivlarni) baholash uchun – eng kam ish haqining 000 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak, deb belgilab qo‘yilmoqda.

Baholovchilarga toifa berishning sertifikatlangan baholovchilar, ikkinchi, birinchi va oliy toifali baholovchilarni o‘z ichiga oluvchi tizimi amaliyotga joriy etilsin hamda baholovchilarga quyidagi asosiy talablar o‘rnatilsin:

  • ikkinchi toifaga – toifa berilayotgan vaqtda baholovchi tashkilotda baholovchi sifatidagi bir yildan kam bo‘lmagan ish tajribasining, shuningdek, turli baholash obektlarini baholash bo‘yicha kamida 15 ta mustaqil ravishda bajarilgan ishlarning mavjudligi;
  • birinchi toifaga – toifa berilayotgan vaqtda baholovchi tashkilotda baholovchi sifatidagi uch yildan kam bo‘lmagan ish tajribasining, shuningdek, turli baholash obektlarini baholash bo‘yicha kamida 25 ta mustaqil ravishda bajarilgan ishlarning mavjudligi;
  • oliy toifa – toifa berilayotgan vaqtda baholovchi tashkilotda baholovchi sifatidagi besh yildan kam bo‘lmagan ish tajribasining, shuningdek, turli baholash obektlarini baholash bo‘yicha kamida 35 ta mustaqil ravishda bajarilgan ishlarning mavjudligi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bir oy muddatda Baholovchilarga toifalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Belgilab qo‘yilmoqdaki:

  • baholovchi tashkilot ustav kapitali (ustav jamg‘armasi)ning kamida
  • 51 foizi mazkur baholovchi tashkilotning bitta yoki bir nechta shtatdagi baholovchisiga tegishli bo‘lishi lozim;
  • 2019 yil 1 yanvaridan boshlab baholovchi tashkilotning rahbari faqat birinchi yoki oliy toifadagi baholovchi bo‘lishi mumkin;
  • baholovchi, agar u boshqa baholovchi tashkilot shtatida turgan bo‘lsa, baholovchi tashkilot tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida baholash ishlarini olib borishga jalb qilina olmaydi;
  • buyurtmachi yoki boshqa shaxslarning, agar bu baholash natijasining ishonchliligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, baholovchining faoliyatiga aralashuviga, jumladan, baholash obektini baholashda aniqlanishi yoki ta'riflanishi lozim bo‘lgan masalalar doirasini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • baholovchi obektiv baholashni olib borishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelganligi oqibatida baholashni o‘tkazishda ishtirok eta olmasligi haqida buyurtmachiga yoki mehnat shartnomasini tuzgan baholash tashkilotiga ma'lumot berishi shart;
  • baholash obektini baholashni o‘tkazganligi uchun baholovchiga to‘lanadigan haq miqdori baholash obekti qiymatining yakuniy miqdoriga bog‘liq bo‘la olmaydi;
  • baholash haqida hisobotning haqqoniyligini ekspertiza qilish uchun faqat birinchi yoki oliy toifa baholovchilar jalb etilishi mumkin.

Affillangan shaxs bo‘lgan baholovchi tashkilot yoki baholovchi tomonidan baholash haqida hisobotlar haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish taqiqlanadi, bunday shaxslar deb quyidagilar tan olinadi:

  • baholashni olib borgan baholovchi tashkilot mulkdori, muassisi (ishtirokchisi), kreditori, sug‘urtalovchisi, baholovchisi;
  • buyurtmachining mulkdori, muassisi (ishtirokchisi, aksiyadori), kreditori, ishchisi;
  • baholash obektiga nisbatan mulkiy manfaatga ega bo‘lgan yoki mazkur bandda ko‘rsatilgan shaxslar bilan yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxs;
  • buyurtmachi yoki baholashni olib borgan baholovchi tashkilot kuzatuv kengashining a'zosi, direktor yoki boshqaruv a'zosi vakolatlarini amalga oshiradigan shaxs;
  • ustav jamg‘armasi (ustav kapitali)da baholashni olib borgan baholovchi yoki baholovchi tashkilot ulushi bo‘lgan yuridik shaxs;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shaxslar.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 avgustga qadar muddatda 2016–2018 yillarda davlat mulkini baholash bo‘yicha tuzilgan kontraktlarni hamda amalga oshirilgan baholash natijalarini tanqidiy o‘rganadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid