Jahon | 01:37 / 03.06.2018
19754
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Isroilni himoya qilmasligini ma'lum qildi 

Foto: Francois Lenoir / Reuters

Agar Isroil va Eron o‘rtasida urush boshlansa, NATO Isroilni himoya qilishni kafolatlamaydi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Spiegel jurnaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Stoltenbergning ta'kidlashicha, NATO Isroil bilan sherikchilik aloqalariga ega, biroq Shimoliy Atlantika kelishuvi faqat alyansga a'zo davlatlarning xavfsizligini kafolatlashni ko‘zda tutadi. “Isroil bizning hamkor, biroq NATO a'zosi emas. Kelishuvning 5-moddasi bo‘yicha xavfsizlik kafolati Isroilga taalluqli emas”, deb aytgan Stoltenberg.    

Stoltenberg NATO Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solishda va u yerdagi harbiy ixtiloflarda ishtirok etmasligini alohida ta'kidlab o‘tgan. “Bu bizning ish emas”, deb aytgan NATO rahbari.

Bundan tashqari, tashkilot a'zolari orasida Eron bilan yadroviy kelishuv borasida ziddiyat mavjud. 

NATO tashkil etilishi to‘g‘risida 1949 yilda imzolangan kelishuvning 5-moddasi alyans a'zolarining kollektiv himoyasiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, “NATOning Yevropa yoki Shimoliy Amerikadagi bir yoki bir nechta a'zosiga hujum qilish barcha a'zo davlatlarga hujum deb hisoblanadi”. Shu tariqa, NATO a'zolarining biriga hujum tashkilotning barcha a'zolari bilan urush boshlanishini nazarda tutadi.

5-modda imzolangandan 50 yil o‘tib, AQShdagi 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan keyin ilk bor amaliyotga kiritilgan. Kelishuvga ko‘ra, NATO davlatlari AQShning terrorchilik tuzilmalariga qarshi bir qator amaliyotlarida ishtirok etishgan.

Mavzuga oid