Xayriya natijasi: Ikki yarim soatli operatsiya va jajji qizaloq saraton ustidan g‘olib bo‘ldi
Elif yodingizdami? Shifokor bo‘lishni orzu qilgan, saraton degan baloi azimning 4-darajali og‘ir holatdagi xastalik bilan kurashgan qizaloq. Qizchaning sog‘ayib ketishi uchun KUN.UZ tahririyati yaxshi niyat bilan xayriya uyushtirgan edi (U sho‘x va quvnoq, ammo og‘ir dard iskanjasida...). Kuni kecha xabar keldi. Elif murakkab jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqibdi. U darddan xalos bo‘ldi. Ajoyib yangilik! Chin qalbdan xursand bo‘ldik. Uni ko‘rishga, holidan xabar olishga shoshildik.
Akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi. Bu maskandan necha-necha xasta dillar quvonchga to‘lib qaytmokda. Elif ham ana shunday jajji qalb egalaridan biri. Qizaloq parvarishlanayotgan bo‘limga kelganimizda, bizni bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Mirshavkat Akbarov qarshi oldi.
- Bugungi kunda tibbiyotda juda katta o‘zgarishlar amalga oshib kelmoqda. So‘nggi uch yilda tibbiyotga katta e'tibor yuqori texnologiyalari operatsiyalarga bo‘lgan intilishimizni yanada kuchaytiradi. Buyrak usti bezining o‘smalarini kam invazev texnologiyalar yordamida olib tashlash operatsiyalarini bittasi mana qizcha bilan o‘tkazildi. Qizchamiz ko‘p vaqtlardan beri qorin bo‘shlig‘idagi noma'lum o‘sma tashxisi bilan onkologlarimizda davolashda bo‘lgan, kimyoterapiyalar o‘tkazgan. Buning oqibatida katta hajmdagi o‘sma kichrayib, buyrak usti bezidan chiqqanligi aniqlangan. O‘zimizda mana shunday operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati borligidan bexabar fuqarolarimiz chet elga chiqib, o‘zlarini ovora qilishadi.
Kichik suhbatimizdan so‘ng, birgalikda Elifning oldiga kirdik. Nigohlari yonib turgan Elif bizni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi.
Ha, aziz do‘stlar. O‘lim bilan yakunlanishi aytilgan xastalik ustidan mana shu qizcha g‘olib bo‘ldi. Bu, albatta, Allohning marhamati va xohishi bilan. Elifning onasi esa yordam qo‘lini cho‘zganlarga dil izhorini yo‘lladi. Ko‘ngil hayratlari bilan bo‘lishdi.
- Operatsiya ikki yarim soat bo‘ldi. Ikki yarim santimetr bo‘lib qolgan o‘simtani olishdi. O‘simta yo‘q, lekin baribir onkologiyada yotishimiz kerak. Chunki o‘simta qayta o‘sishining oldini olishimiz kerak. Hammasi yaxshi bo‘lsa, qaytib bu dardga chalinmasligini Allohdan niyat qilamiz. Farzandim operatsiyadan qaytib chiqqanida qaytadan uni dunyoga keltirgandek bo‘ldim. Nima bo‘lganini til bilan tushuntirib berolmayman. KUN.UZ’da maqola chiqqach, odamlar bizga yordam qo‘lini cho‘zishni boshlashdi. Ular orasida chet davlatlardagi yurtdoshlarimiz ham bor edi. Ular bizga ham moddiy, ham ma'naviy yordam berishgani uchun katta rahmat aytaman.
Biz Elifni ko‘rgach, Yaratganga yana bir shukr aytdik. Dillarimiz shodlandi. Alloh mo‘'jizasidan hayratlandik. Tashqarida g‘uncha bo‘lib turgan atirgulga nigohimiz tushar ekan, uni Elifga mengzadik. Bugun qizcha g‘uncha. Endi u, nasib qilsa, albatta, chiroy ochib, gul bo‘ladi. O‘zi orzu qilganidek shifokor bo‘ladi.
Alloxdan duo bilan so‘raganimiz bor ekan, farzandlarimizga yaxshiliklar berilyapti. Biz xayriyada ishtirok etgan barcha yaxshi odamlarga rahmat aytamiz. Yaratgan barchamizdan rozi bo‘lsin!
Mavzuga oid
22:14 / 14.08.2024
Yangi Zelandiyada 300 dan ortiq oilaga tarkibida o‘limga olib keluvchi metamfetamin bo‘lgan konfetlar tarqatildi
12:33 / 27.01.2023
"Bolalarim to‘shakka mixlanib qolishidan qo‘rqaman" - ikki farzandi og‘ir xastalikka chalingan ona iztirobi
11:58 / 30.12.2022
“Onam uchun jigarimni beraman”- farzandlari uchun yashashga kuch topayotgan ona o‘kinchi
12:20 / 16.12.2022