Sport | 19:06 / 05.06.2018
8193
3 daqiqa o‘qiladi

Misrlik muxlis velosipedda jahon chempionati sari yo‘lga chiqdi

Foto: AP

Misrlik Muhammad Navfal — 24 yoshli fotosuratchi, ashaddiy futbol muxlisi Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionati sari velosipedda yo‘lga chiqdi, deb xabar beradi TASS.

U so‘nggi 28 yilda ilk marotaba mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Misr terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun, 65 kun ichida 5000 km masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Navfal 7 aprel kuni Qohiradagi Tahrir maydonidan yo‘lga chiqdi. U 31 may kuni Rossiyaga yetib kelishni mo‘ljallagan edi. Ammo, yo‘lda velosipedining buzilib qolishi, finishni biroz kechiktirdi.

Muhammad yetarli tajribaga ega velosayyoh hisoblanadi. U birinchi marta bunday safarga otlanayotgani yo‘q. 2017 yilda Navfal 90 kun ichida 5ta mamlakat hududidan o‘tib, Afrika millatlari kubogida Misr terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun Gabonga yetib borgan.

Qizig‘i shundaki, Muhammad Rossiya sari safarning hamma qismini velosipedda o‘tolmadi. Misrdan Iordaniyaga yetib kelgach, sayyoh Suriyadagi notinch vaziyat tufayli, samolyotda Bolgariya poytaxti Sofiyaga uchib borishga qaror qildi. Ruminiya orqali Ukrainaga o‘tmoqchi bo‘lganida, yana bir muammoga duch keldi. Ukraina vizasi yo‘qligi tufayli, Navfal Buxarestdan Belarusga samolyotda uchib ketdi va o‘sha yerdan velosayohatini davom ettirdi.

U kuniga o‘rtacha 80 km masofani bosib o‘tmoqda. Ba'zan mehmonxonada, ba'zan ochiq osmon ostida tunab qolyapti. Ba'zi hollarda mehribon odamlar unga boshpana beryapti. 

Navfal sayohatga taxminan 20 ming AQSh dollari sarflashni rejalashtirgan edi. Biroq, aslida bundan ham kamroq xarajat ketishi ma'lum bo‘ldi. Chunki, ko‘plab joylarda odamlar uni katta ehtirom bilan kutib olishdi, mehmon qilishdi, TV ko‘rsatuvlariga taklif qilishdi.

Muhammad Moskvaga 7 iyun kuni yetib keladi, ammo bu bilan uning velosayohati tugamaydi. U 15 iyun kuni Yekaterinburgda o‘tkaziladigan Misr - Urugvay o‘yiniga chipta olgan. Shuningdek, sayohatchi Sankt-Peterburg, Volgograd va Grozniy shaharlariga ham borishni rejalashtirgan. 

JCh-2018 guruh bosqichida Misr terma jamoasi Urugvaydan tashqari, Rossiya (19 iyun) va Saudiya Arabistoni (25 iyun) bilan ham bellashadi. Navfal fikriga ko‘ra, aynan rossiyaliklar «fir'avnlar» uchun keyingi bosqichga chiqishda asosiy raqib bo‘ladi. 

Sayohatchi uyiga Misr terma jamoasi bilan birga, maxsus aviareysda qaytishni mo‘ljallayapti.

Mavzuga oid