O‘zbekiston | 22:10 / 05.06.2018
5265
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Qozoq-nemis universiteti talabalari uchun yozgi o‘quv kurslari o‘tkazilmoqda

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) negizida Qozoq-nemis universiteti (QNU) talabalari uchun «Suv resurslaridan foydalanish asoslari: nazariya, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi» mavzusiga bag‘ishlangan yozgi o‘quv kursi o‘tkazilmoqda. Kurs AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM), O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining (SXV) hamkorlikdagi «Suv, ta'lim va hamkorlik» (Smart Waters) loyihasi doirasida tashkil etilgan. 

Foto: Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi

Yozgi maktabda ishtirok etayotgan QNU talabalari Afg‘onistan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Tojikiston kabi mamlakatlar vakillaridir. O‘quv kursining asosiy maqsadi – kelgusida Markaziy Osiyo hududida qo‘llaniladigan bilim va ko‘nikmalarni QNU talabalariga yetkazish va ularning bu boradagi bilimlarini mustahkamlash, QNU va TIQXMMI talabalari o‘rtasida muloqot maydonini yaratish hamda mahalliy institutning ilmiy-texnik salohiyatidan foydalanishdan iborat.

Foto: Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi

14 nafar talaba 102 o‘quv soati mobaynida nazariy, amaliy, laboratoriyaviy va mustaqil mashg‘ulotlarni o‘tashadi. Shuningdek, irrigatsiya va melioratsiya obektlari, suvni tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan joylarda sayyor mashg‘ulotlar o‘tashlari ko‘zda tutilgan.

Foto: Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi

«Umumiy suv resurslariga ortib borayotgan talab va taklifning esa qisqarishi mintaqaviy hamkorlik o‘rnatishni talab etadi - bu suv resurslarini samarali boshqarish va samarali foydalanish uchun zaruriy shart. Kelgusi avlodlar uchun suvdan foydalanish imkoniyatini ta'minlash bir butunlikdagi yondashuvni talab etadi, ya'ni bunda yer va suvga yagona o‘zaro bog‘liq tizim sifatida, butun ekotizimlar tariqasida qaraladi. Yozgi maktab – xizmat ko‘rsatgan professorlar bilan mashg‘ulotlarga qatnash, muammolar va ularning innovatsion yechimini topishning yangi usullarini o‘rganish uchun ajoyib imkoniyat. Men talabalarni o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashish, yangi kashfiyotlar, yangi bilimlar  uchun ochiq bo‘lish, o‘z-o‘zini yangi marralar sari undash va tushunmagan paytlarida doim savollar berishga chaqirgan bo‘lardim. Barchaga omad tilayman», - dedi o‘zining tabrik so‘zida USAID'ning O‘zbekistondagi direktori Geri Robbins.

Umuman olganda, ikki haftalik o‘quv kursi davomida talabalar suv resurslarini havzalar  darajasida boshqarish asoslari, irrigatsion tizimlarda oqimlar qonuniyati, gidrotexnik inshootlarning ekspluatatsion ishonchliligi va xavfsizligi, nasos stansiyalari va nasoslar ekspluatatsiyasi, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari singari modullar bilan tanishishadi. Ma'ruza qismidan tashqari ishtirokchilar uchun sport-madaniy tadbirlar ham tayyorlangan.

Foto: Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi

«QNU talabalarining Toshkent shahridagi institutda shunday kurs o‘tayotganidan juda xursandmiz. Uni tashkil etish ustida uzoq va zo‘r berib ishladik. Talabalarda shunday ajoyib o‘qituvchilardan tahsil olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Mening ularga chin dildan havasim kelayapti: roppa-rosa ikki hafta mobaynida mahoratli professorlarning qiziqarli ma'ruzalarini tinglashadi», - ta'kidladi QNU rektori doktor Markus Kayzer.

Foto: Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi

Bundan tashqari, QNU talabalari 5-8 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumida (MOXEF-2018) faol ishtirok etishmoqda. 

Mavzuga oid