Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy ShHT doirasida aksilnarkotik agentlik yaratishni taklif qildi
Xitoy giyohvand moddalarning transchegaraviy noqonuniy aylanmasiga qarshi samarali kurashish maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida aksilnarkotik agentlik yaratish g‘oyasini ilgari surmoqda. Bu haqda Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligining giyohvand moddalarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vey Syaotszyun ma'lum qildi.
“Agentlik ShHTga a'zo davlatlarning giyohvand moddalarga qarshi kurashish, razvedka ma'lumotlari bilan almashish, huquq-tartibot idoralarining qo‘shma amaliyotlari va xodimlarni mashq qildirish bo‘yicha sa'y-harakatlarini uyg‘unlashtirishi kutilmoqda”, deb ma'lum qilgan Vey Syaotszyun China Daily nashriga.
Syaotszyun yangi idora tashkil etilishi muddatini ma'lum qilmagan, biroq Xitoy xavfsizlik xizmati ShHT davlatlaridan hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ta'kidlab o‘tgan. Syaotszyunning aytishicha, joriy yilning ikkinchi yarmida ShHT davlatlari giyohvand moddalar va ularni oson tayyorlash mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalarni aylanmadan tortib olish bo‘yicha birgalikda amaliyotni o‘tkazadi.
“Giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ular aylanmasi, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy moliyaviy oqimlar, korrupsiya va terrorchilik – jinoyatchilikning bu turlari bir-biri bilan yaqindan bog‘langan hamda dunyo va mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy putur yetkazadi”, deb qo‘shimcha qilgan Xitoy vakili.
Uning ta'kidlashicha, Xitoy mintaqada giyohvand moddalar savdosi, jumladan giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi va tashilishi ortidan kuzatish maqsadida ShHT davlatlari bilan hamkorlikni ilgari suradi, axborot almashish uchun hamkasblar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazadi.
Xitoy vakilining aytishicha, ayni vaqtda Xitoy giyohvand moddalar bilan bog‘liq jiddiy vaziyatga to‘qnash kelgan. Xitoylik narkodilerlar xorijiy giyohvandfurushlar bilan hamkorlik qiladi va jinoiy guruhlarni boshqaradi, giyohvand moddalar aylanmasi esa yanada “texnologik va aqlliroq” ko‘rinish olgan.
2012 yildan beri Xitoyda giyohvand moddalar bilan bog‘liq 860 ming jinoyat fosh qilingan, umumiy hisobda 1,12 mln gumonlanuvchi hibsga olingan va 459 tonna giyohvand modda musodara qilingan.
Mavzuga oid
11:22
UzXCMG davlat ulushini sotish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi
22:32 / 17.06.2026
Tramp Rossiya va Xitoyni «butun dunyoni portlatib yubormaslik» uchun yadroviy kelishuvga chaqirdi
20:41 / 17.06.2026
Xitoyning yirik neft-gaz kompaniyasi top-menejeri pora uchun o‘limga hukm qilindi
17:47 / 17.06.2026