12:46 / 06.06.2018
8926

Jahon banki yangi global inqiroz ssenariysini tasvirlab berdi

Foto: AP/ Lawrence Jackson

Jahon iqtisodiyotining yaqin oradagi istiqbollari ijobiy - jahondagi barcha mamlakatlarning deyarli yarmida jadal iqtisodiy o‘sishi kuzatilmoqda, ammo 2019 yildan keyingi hammasi tashvishga solmoqda. Bu haqda Jahon banki (JB) «Global iqtisodiy istiqbollar» hisobotida ma'lum qildi.

Bir tomondan, dunyo 2008-2009 yillardagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlaridan butunlay xalos bo‘lgan ko‘rinadi, joriy yilda uzoq muddatli prognozlar esa (keyingi 10 yilga) ko‘plab mamlakatlar uchun ko‘tarildi. Boshqa tomondan, so‘nggi yarim asr mobaynida jahon miqyosidagi retsessiyalar deyarli har o‘n yilda (1975, 1982, 1991 va 2009 yillar) sodir bo‘ldi. Jahon bankining bosh iqtisodchisi Shantayanan Devarajanning aytishicha, «so‘nggi inqiroz yuz berganiga o‘n yil bo‘ldi».

Iqtisodiy vaziyatning yomonlashish xatarlari, ularning yaxshilanishiga qaraganda kuchliroqdir, deb ko‘rsatmoqda JB modellari Shunday qilib, 2019 yilda jahon iqtisodiy o‘sishi (3%gacha bo‘lgan bazaviy prognoz) 2%dan past bo‘lishi ehtimoli 21%ga baholanmoqda, simmetrik ijobiy syurpriz ehtimoli (o‘sish 4%dan yuqori) 16%ni tashkil etadi. Citigroup iqtisodchilari dunyo iqtisodiyotining o‘sishini «global retsessiya»ga nisbatan 2%dan past darajaga tenglashtirdi (taqqoslash uchun, 2008 yilda dunyo bo‘yicha o‘sish 1,8%). Jahon bankining ta'kidlashicha, umumiy makroiqtisodiy prognozlar juda optimistikdir, avvalgi global inqirozni ko‘pchilik taxmin ham qilmagandi.

Sekinlashuv muqarrar (Jahon bankining hozirgi ssenariysi - jahon YaIMning o‘sish sur'ati 2017-2018 yillarda 3,1%dan 2020 yilda 2,9%gacha pasayishi), biroq bir yoki bir necha iqtisodiy xatar ro‘y bersa, keskin sekinlashish ehtimoli kuchayadi, deb ogohlantirmoqda JB.

«Protektsionistik tahdidlar kelajakdagi o‘sish uchun bulutlar yig‘moqda. Agar bu tahdidlar savdo urushlariga olib kelsa, oqibatlar dahshatli bo‘lishi mumkin», - deydi Devarajan. U xatarlarning ikkinchi toifasi sifatida «katta rivojlanayotgan bozorda kredit hodisasini» (boshqacha aytganda, qarz majburiyatlari bo‘yicha defolt) yoki «AQShda pul-kredit siyosatining keskin kuchaytirilishi tufayli foiz stavkalarining sakrashini» misol qilib keltirgan.

Rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning ham xususiy korporativ, ham davlat sektorlarida qarzdorlik darajasi 2008 yildagi inqirozga qaraganda ancha yuqoridir. Pul-kredit siyosatini kuchaytirish bu mamlakatlarda qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin. «Rivojlanayotgan bozorlardan kapital oqimlarining burilib ketishi va valyutalarning keskin qadrsizlanishi ham defoltlar xavfini oshiradi», - deyiladi JB hisobotida.

Jahon banki bir nechta amalga oshmagan xatarlarning birlashishi qanday qilib global retsessiyaga olib kelishi mumkinligiga doir misol keltiradi: «Masalan, savdoda keng ko‘lamli cheklov choralarining qo‘llanilishi global inflyatsiyasi bilan uyg‘unlikda ishonchga salbiy ta'sir ko‘rsatishi hamda moliyaviy bozorlarda destruktiv hodisalarni olib kelishi mumkin». Iqtisodiy o‘sishning kuchsizlanishi va qarz olish qiymatining oshishi «qarz va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha xavotirlarni oshiradi», ishsizlikning ortishi esa «siyosiy noaniqlik va protektsionistik tendensiyalarni kuchaytiradi».

Top