11:00 / 07.06.2018
8071

Xitoy hukumati 4 mingdan ortiq qochoq korrupsiyachini ortga qaytardi

Xitoy hukumati «Samoviy tarmoq» nomli maxsus aksilkorruptsion kampaniya doirasida dunyoning 90dan ortiq mamlakatidan 4 mingdan ortiq jinoyatchini qo‘lga olib, ortga qaytardi. Bu haqda Xitoy Kompartiyasining tartib-intizom bo‘yicha markaziy komissiyasi bayonotida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, shu yilning aprel oyi oxiriga qadar mamlakatga 4141 nafar jinoyatchi qaytarilgan, shundan 835 nafari sobiq davlat xizmatchilaridir. Bundan tashqari, rasmiy Pekin mamlakatdan noqonuniy yo‘l bilan olib chiqib ketilgan 10 milliard yuandan ortiq mablag‘ni (1,58 milliard dollar) ortga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

2015 yil aprel oyida Xitoy xorijga qochgan korrupsiya bilan bog‘langan mansabdor shaxslar va Kommunistik partiya a'zolarini tutish bo‘yicha «Samoviy tarmoq» nomi ostidagi kampaniyani boshlagandi. Xitoy hukumati Interpolga korrupsiyada gumon qilinayotgan eng ko‘p qidirilayotgan 100 kishi nomini taqdim etdi. Interpol ushbu shaxslarga nisbatan «qizil ogohlantirishlar» e'lon qildi. Bunday hujjat tashkilotga a'zo davlatlarning huquq-tartibot organlaridan jinoyatchini topib, uni ekstraditsiya qilishni talab etadi.

Hozirga qadar ro‘yxatdagilarning 52 nafari ushlangan.

Shu yilning aprelida Xitoy hukumati qochoq korruptsionerlarni qidirish va ularni hamda aktivlarini mamlakatga qaytarishga qaratilgan «Samoviy tarmoq-2018» kampaniyasini boshladi.

Top