Jamiyat | 23:38 / 08.06.2018
15196
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Qodiriy asarlari majmuasi chop etildi

Yaqinda Info Capital Group nashriyotida sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriy asarlari majmuasi chop etildi. Bu haqda majmua badiiy bezaklari muallifi, taniqli rassom-dizayner Bahriddin Bozorov Facebook’dagi o‘z sahifasida ma'lum qildi. Betakror dizayndagi sovg‘abop qutiga joylashtirilgan besh kitob yaqinlarimiz va o‘zimiz uchun ham eng qimmatli sovg‘alardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz. Ushbu noodatiy qutidan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Diyori bakr”, “Obid ketmon” va “Adibni xotirlab” kitoblari joy olgan.

“Gruzinlar Shota Rustavelining "Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon" dostonini qizlarning sepiga qo‘shib berishganidek, millatimiz ham Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning "Tafsiri Hilol" va Abdulla Qodiriyning mana shu majmuacini sovg‘a qilishsa edi, — deb yozadi adabiyotshunos va bloger Nigora Umarova o‘z sahifasida. — Har bir kitob biri ikkinchisini to‘ldirib turadi. Ular qutiga mozaika shaklida taxlangan, bezagi o‘ziga xos, Qodiriyona uslubda yondoshilgan. Amerikalik tarjimon Mark Riss bilan suhbatimizda, “Men o‘zbek xalqining xarakteri, urf-odatlarini "O‘tkan kunlar" orqali o‘rgandim”, deb ta'kidlagan edi”.

Kitobni yaqin kunlarda shahar do‘konlaridan xarid qilish mumkinligi xabar qilingan. Eng oson va qulayi Info Capital Group nashriyoti bilan bog‘lanib xarid qilish ham mumkin.

Shu o‘rinda bir mulohaza: mazkur majmua ko‘pchilik adabiyot shinavandalari tomonidan sog‘inch va shodlik bilan kutib olinishi shubhasiz. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar orqali ham anglash mumkin. Lekin majmua nusxasining atigi 1000 ta ekani kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Yangicha uslub va dizayn asosidagi mana shunday sovg‘abop majmualarni ko‘p nusxada chop etish xalqimiz ma'naviyatini boyitishga ulkan hissa qo‘shishdir. Zotan, eng yaxshi sovg‘a — kitobdir. U zamonaviy ko‘rinishda bo‘lsa, yana yaxshi!

Zuhal Ro‘ziyeva

Mavzuga oid