Jahon | 23:35 / 08.06.2018
7503
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston xorij fuqarolarining ro‘yxatdan o‘tish muddatini 10 kunga oshirdi 

Foto: sodrugestvo.info

2018 yilning 1 iyunidan Tojikistonga tashrif buyurgan xorij fuqarolari uchun ro‘yxatdan o‘tish muddati 3 ishchi kunidan 10 ishchi kunigacha oshirildi, deyiladi news.tj saytida.

Turistik viza orqali Tojikistonga keluvchi sayyohlar esa 30 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasliklari mumkin. 

Xorij fuqarolarining TR hududiga kelishiga doir yangi qoidalar respublika hukumati qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan.

Manbaga ko‘ra, hamdo‘stlik mamlakatlari fuqarolari uchun registratsiya narxi avvalgidek 100 somoniyni tashkil qiladi. Uzoq xorij mamlakatlari fuqarolari uchun registratsiya bahosi ham o‘zgarishsiz qoldi - 150 somoniy.

Bunga qadar Tojikistonda xorijlik sayyohlar uchun maxsus sim-kartalar ishlab chiqilgan edi. Sim-kartani faollashtirish uchun balansni 10 somoniyga to‘ldirish kerak bo‘ladi, sayyohga taqdim etiluvchi paket 50 daqiqa, 100 Mb internet va 150 sms'dan iborat.

O‘zbekiston va Tojikistonning barcha fuqarolari tegishli hujjatlari mavjud bo‘lganda 30 sutkagacha muddatga kirishlari, chiqishlari, tranzit o‘tishlari va vaqtincha mamlakatda bo‘lishlari mumkin. Davlatlarimizning chegaraoldi tumanlarida amal qilgan alohida rejim va bo‘lish muddati bekor qilindi.

Mavzuga oid