O‘zbekiston | 00:01 / 09.06.2018
5651
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistika yo‘nalishidagi iqtidorli talabalar Turkiyada amaliyot o‘taydi

Journalism&Mass Communications University of Uzbekistan vakillari xalqaro tajribani o‘rganish va uni ta'lim jarayonlariga tatbiq etish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va Turkiya Respublikasiga tashrif buyurishdi.

O‘zbekistonlik mutaxassislar e'tiborini Sankt-Peterburg universiteti bitiruvchilarining malakaviy ishlarni himoya qilish amaliyoti o‘ziga tortdi. Ularda ilmiy rahbar va o‘qituvchilar roli, asosan, tashkiliy masalalar bilan cheklanadi. Bitiruv malakaviy ish himoyasini esa amaliyotdan taklif etilgan mutaxassislar va taniqli jurnalistlar qabul qilib, eng muvaffaqiyatli bitiruvchilarni ishga taklif qilishadi. 

Delegatsiya vakillari bunday innovatsion usullar yangi tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universitetida ham qo‘llash foydali bo‘lishini ta'kidlab o‘tishdi. Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetida olib borilgan uchrashuv va muzokaralar samarali va mazmunli bo‘ldi.

Turkiya Respublikasidagi Istanbul, Anqara, G‘ozi, Hojitepa va Ibn Xaldun universitetlarida bo‘lib o‘tgan muzokara va uchrashuvlar ham samarali o‘tdi. Zamonaviy sharoitda jurnalistika fakultetlari faoliyatini rivojlantirish, jurnalistika sohasida ta'lim berish, nazariya va amaliyotni sintez qilishning zamonaviy usullari bo‘yicha tajriba va fikr almashildi. Delegatsiya, shuningdek, Televideniye va radio bo‘yicha Turkiya oliy Kengashi hamda “TRT” - Turkiya davlat teleradio korporatsiyasi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Rossiya Federatsiyasi va Turkiya Respublikasiga tashrif natijasida ikki davlat oliy ta'lim muassasalari va “TRT-Avaz” Turkiya davlat teleradiokompaniyasi bilan qator hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha imzolangan hujjatlar doirasida O‘zbekiston talabalari va amaliyotchi-jurnalistlar uchun mahorat darslari va ma'ruzalar o‘tkazish hamda Turkiya universitetlaridan eng tajribali professor-o‘qituvchilar, shuningdek, dunyoda 1,5 milliardlik auditoriyaga ega TRT teleradiokompaniyasining yetakchi jurnalistlarini O‘zbekistonga taklif etish haqida ahdlashildi. Shu bilan bir qatorda yozgi amaliyot o‘tash uchun O‘zbekistonning eng iqtidorli talabalarini Turkiyaga jo‘natish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shunday ekan, yaqin kelajakda jurnalistik kadrlarni yangi avlodini yetishib chiqarishda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universitetiga yuklangan vazifalarni oqlaydi degan fikrda barcha asoslar bor.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid