O‘zbekiston | 23:18 / 10.06.2018
16632
3 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston sayyohlarda mamlakat iqtisodiy o‘sish kalitini ko‘rmoqda" - NHK World

Foto: www3.nhk.or.jp

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati oshib borayotganiga doir videolavha NHK World - Japan'da taqdim etildi. Unda uzoq yillardan keyin O‘zbekistonda sayyohlar oqimi ko‘payishi kuzatilayotgani haqida so‘z yuritiladi.

Yaponiyalik muxbir Samarqandning markaziy bozorlaridan biridagi quritilgan mevalar va yong‘oqlar sotuvchisi Sunnat Mo‘minjonovni suhbatga tortadi. Sotuvchi bozordagi vaziyat o‘zgargani, sayyohlar o‘tgan yillarga qaraganda ancha ko‘payganini, biznes o‘sayotganini ta'kidlaydi. 

Videoreportajda avvallari aksariyat xaridorlar va sayyohlar Tojikistondan kelgani, bugunga kelib esa bu bozorda deyarli barcha millat vakillari bo‘lgani qayd etilgan. Turistlarning bunday oqimi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi siyosati bilan bog‘liq ekani, sayyohlar bilan bog‘liq vaziyatlar prezident olib borayotgan islohotlar natijasida ijobiy tomonga o‘zgarayotgani ta'kidlangan.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston 2010 yildan buyon birinchi marta qo‘shni Tojikiston bilan chegaralarni ochdi. "10 yildan ortiq vaqt davomida ko‘rmagan qarindoshlarim bilan uchrashish meni juda quvontirdi", - deydi chegaradan o‘tganlardan biri.

Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq boy tarixi tufayli Samarqand YuNeSKO merosiga kirgan qator obidalarga ega. Shunday ekan, davlat sayyohlarda iqtisodiy o‘sish kalitini ko‘rmoqda, deyiladi videolavhada. 

Fransiyalik sayyohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tarixiy obidalari juda chiroyli. "Samarqanddagi obidalarda butun bir tarixni ko‘rish mumkin. Shuning uchun ham bu obidalar dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni jalb qilmoqda", - deydi sayyoh.

Videolavhada Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sobiq raisi Aziz Abduhakimov sayyohlar oqimi haqida so‘zlar ekan, oldindagi uch yil davomida mamlakatga kelayotgan sayyohlar sonini 5 millionga yetkazish rejalashtirilganini ma'lum qildi. 

O‘tgan yili O‘zbekistonda 2,5 milliondan ziyod sayyoh kelgan, bu esa mamlakatda turistlar oqimi o‘sishi 25 foizdan oshganidan dalolat bermoqda, deya yakun yasaladi NHK World - Japan videoreportajida. 

Mavzuga oid