Jamiyat | 15:07 / 11.06.2018
11175
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda kasblar festivali bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari va Ulug‘nor tumanida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlisda aholi o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining kelgusidagi faoliyatini tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida viloyatdagi mavjud 119ta kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari hamda ularning ota-onalari ishtirokida «Andijonda har bir oila tadbirkor» shiori ostida keng tushuntirish ishlari tashkil etilmoqda.

«Kasb-hunar va tadbirkorlik bilan kelajak sari» festivalida viloyat hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari, ish beruvchi korxona va tashkilotlar, tijorat banklari vakillari, kasb-hunar kollejlarining 3 ming 500 nafardan ziyod bitiruvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Bitiruvchilar tomonidan 3 yil davomidagi o‘qish jarayonida egallagan 117ta kasb bo‘yicha 30 turdan ortiq ko‘rgazmalar namoyish etildi.

«2018 yil – faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat Dasturi doirasida kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari va o‘quvchilari tomonidan yaratilgan innovatsion qurilmalar, harakatli maketlar va texnika ijodkorligi mahsulotlari, eng yaxshi biznes-rejalar, payvand konstruksiyalar ishlab chiqarish, duradgorlik va pol yotqizish ishlari, qurilish va pardozlash ishlari, kulolchilik hamda haykaltaroshlik san'atiga mansub ijodiy ishlar ko‘rgazmalari ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

Anjumanda ilk bor 70ta kasb-hunar kollejida 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab umumta'lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilari uchun tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarining birinchi yil bitiruvchilari ham ishtirok etishib, egallagan 48ta kasblari bo‘yicha o‘zlari yaratgan mahsulotlarini namoyish qildilar.

Kasblar festivalida ishtirok etgan viloyat hokimining o‘rinbosarlari Serobiddin Ismoilov hamda Manzuraxon Yunusova o‘quvchi-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan texnik ijodkorlik va egallagan kasblari bo‘yicha yaratilgan mahsulotlar ko‘rgazmasiga yuqori baho berdilar.

Tadbir davomida sovrindor  sportchi-o‘quvchilar, harbiy yo‘nalishdagi maxsus guruhda tahsil olayotgan yigitlarning chiqishlari hamda ta'lim muassasalari musiqa yo‘nalishidagi o‘quvchilarning konsert dasturi ishtirokchilarga namoyish etildi.


Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.
UZ muxbiri

Mavzuga oid