Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgilangan muddatgacha pasportini almashtirishga ulgurmagan fuqarolarga qanday chora ko‘riladi?
Ma'lumki, joriy yilning 1 iyulida eski fuqarolik pasportlarini yangi biometrik pasportlarga almashtirish muddati yakuniga yetadi. Shu sababli, ayni kunlarda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat qiluvchilarning soni har qachongidan ko‘ra ko‘paydi. Joylarda aholini yangi biometrik pasportlar bilan o‘z vaqtida ta'minlash bo‘yicha ishlar qay darajada olib borilayotgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Negaki, so‘nggi kunlarda bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ular orasida “pasportstol”larda uzundan uzoq navbatlar yuzaga kelayotgani, fuqarolarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilmayotgani kabi shikoyatlar ham talaygina.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar Mirobod tumani IIOFMB M va FRB boshlig‘i Murodbek Shadmanbekovga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
- Aytingchi, tumanda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
- Oxirgi paytda bizga murojaat bilan kelayotganlarning soni nisbatan oshganligi bois ish tartibiga o‘zgartirish kiritib, qabul kunlari va soatlarini oshirganmiz. Bundan murojaat qiluvchilarning uzoq kutib qolmasligi va navbatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsad qilingan. Shuningdek, keksalar va homilador ayollarni navbatsiz qabul qilish tartibini joriy qilganmiz.
Fuqarolik pasportlarini biometrik pasportlarga almashtirish masalasiga kelsak, rahbariyat tomonidan avvaldan berilgan ko‘rsatmalar asosida, bo‘limimizda tegishli choralar ko‘rilgan. O‘z vaqtida ulgurish, fuqarolarga tez va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida bo‘lim qabulxonasida elektron navbat olish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali o‘z uylaridan turib ham onlayn tarzda navbatga yozilishlari mumkin. Bu kabi qulayliklar nafaqat aholi, balki hodimlarimizning ham ishini ancha yengillashtirib, bir ish kuni davomida odatdagidan ko‘ra ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
- Fuqarolik pasportlarini almashtirish tartibi ko‘pchilik o‘ylaganidek murakkab jarayonmi? Umuman, almashtirish tartibi qanday?
- Ehtimol, avvallari yurtdoshlarimizda fuqarolik pasportlarini olish yoki almashtirishda muammolar bo‘lgani sababli ularda bu jarayonning murakkabligi, ortiqcha ovoragarchiliklarning ko‘pligi haqidagi qarash shakllanib qolgandir. Lekin hozirda ham shunday deb o‘ylash noto‘g‘ri. Ishga yangicha yondashuv, yaratilgan qulayliklar bu kabi muammolarni ancha kamaytirgan. Masalan, ilgari eski pasport bilan kelgan fuqaroga yangisi berilgach, uni yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish uchun qayta murojaat qilishiga to‘g‘ri kelardi. Hozir bu jarayon soddalashtirilgan bo‘lib, fuqarolar eski pasportlar bilan birga uyning ro‘yxat daftarchasini ham taqdim qilishadi. Ikkinchi safar kelganlarida esa “propiska” qilingan tayyor pasportni olib ketishadi.
Shuningdek, joriy yilning 1 iyunidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmatga ko‘ra, fuqarolarning o‘z uyiga boshqa bir ro‘yxatga qo‘yishi uchun M va FRBga kelishlariga ehtiyoj qolmadi. Endi buni internet orqali tegishli onlayn shaklni to‘ldirib ham amalga oshirish mumkin.
Bundan tashqari, pasportlarni olib ketish tartibida ham qulayliklar yaratilgan. Misol uchun, fuqarolarni suratga tushirib, barmoq izlari olingach, ularga biometrik pasport berilishi haqidagi arizaning pastki qismidagi maxsus kirqma qism taqdim qilinadi. Unda tegishli kod raqamlari bor. Fuqarolar kodni dmp.uz saytiga kiritib pasport tayyor bo‘lganligi haqida ma'lumot olishlari mumkin. Avvalgidek ovora bo‘lib kelib yurmay, buni uydan turib ham aniqlash imkoniyatiga egalar. Xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmaganlar borligini ham hisobga olgan holda, pasport tayyor bo‘lgach fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni o‘z vaqtida xabardor qilamiz.
- Qariyalar yoki nogironligi sabab kelolmaydiganlar ham hisobga olinganmi?
- Albatta. Bu kabi vaziyatlar uchun ko‘chma stansiya tashkil qilingan bo‘lib, buning uchun fuqaroning yaqin qarindoshlari yoki MFY faollari uning o‘rniga tegishli hujjatlar va kelolmasligi sababi ko‘rsatilgan ma'lumotnomani taqdim qilishlari kerak bo‘ladi. Fuqaroning uy manzili va telefon raqami yozib olinib, xodimlarimiz borishidan bir kun avval ularni ogohlantirib qo‘yamiz. So‘ng mobil qurilma bilan borib, fuqaroning surati va barmoq izlarini olib qaytamiz. Uzog‘i bilan o‘n kunlik muddatda biometrik pasportlar o‘z egalariga yetkaziladi.
- Siz yuqorida sanab o‘tgan qulayliklarga qaramay, yuzaga kelayotgan ayrim salbiy fikrlar haqida nima deysiz?
- To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pgina shikoyatlar tushdi. Bildirilayotgan fikr va gap-so‘zlarni biz ham kuzatib boryapmiz. Ammo ularning hammasi ham o‘rinli deb ayta olmayman. Ko‘rib turganingizdek, qabulxonada odamlar ko‘p emas, uzundan uzoq navbatlarni ham uchratmaysiz. Chindan ham joylarda M va FRBlarga murojaat qiluvchilar soni nisbatan oshgan. Biroq buni pasport almashtirish jarayoni bilan bog‘lash noto‘g‘ri. Aksariyat hamyurtlarimiz aynan yozgi mavsumda oilaviy safarlarga chiqishini hisobga olsak, bu tabiiy hol. Masalan, ayni kunlarda bizga murojaat qiluvchilarning katta qismini aynan viza yoki voyaga yetmagan farzandlari uchun pasport olish maqsadida kelganlar tashkil qiladi. Tumanimizda fuqarolik pasportlarini yangilash ishi hozirgacha 98 foizga bajarilgani buni tasdiqlab turibdi.
Menimcha, ko‘pchilik yurtdoshlarimizning yaratilgan shart-sharoitlardan bexabarligi, aholining o‘z xaq-huquqini yaxshi bilmasligi yuqoridagi kabi noo‘rin gap-so‘zlarga sabab bo‘lyapti. Misol uchun, yaqindagina fuqarolarning mobil telefonlariga fuqarolik pasportlarini biometrik pasportlarga almashtirish muddati 2018 yil 1 iyulda tugashi haqida kelgan SMS xabarni olaylik. Ishonasizmi, “Pasport almashar ekan”, deb biometrik pasportini ko‘tarib kelganlar ham bo‘ldi.
Aholini sohaga oid tartib-qoidalar, yangiliklar bilan tanishtirib borish bizning asosiy vazifalarimizdan biriga kiradi. Rahbariyat tomonidan beriladigan ko‘rsatmalarga asosan, haftaning profilaktika kunlarida ta'lim muassasalari, MFYlarda tushuntirish ishlarini olib boramiz. Negaki, fuqarolar tartib-qoidalarni yaxshi bilishsa, yuqoridagi kabi tushunmovchiliklar bo‘lmaydi.
- Belgilangan muddatgacha pasportini almashtirishga ulgurmaganlar uchun qanday chora ko‘riladi?
- Avvaldan belgilab qo‘yilganidek, o‘z vaqtida ulgurmagan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga binoan, eng kam ish xaqining yarmidan uch baravarigacha jarimaga tortiladi. Belgilangan muddatning yaqinlashib qolganini hisobga olib, rahbariyatdan yakshanba kunlari ham fuqarolarni qabul qilish haqida ko‘rsatma olganmiz. Umid qilamizki, tumanimizda bu borada muammolar bo‘lmaydi.
Suhbat yakunida Mirobod tumani IIOFMB M va FRB boshlig‘i o‘rinbosari Zohiddin Saydaliyev fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jarayoni bilan tanishtirdi.
Ehtimol, ayrim hududlarda chindan ham muammolar bordir. Nima bo‘lganda ham ularni bartaraf qilishda boshqalar tajribasidan o‘rinli foydalanilsa, barcha M va FRBlarda yuqoridagi kabi imkoniyatlar yaratilsa, har xil tushunmovchiliklar ortidan kelib chiqayotgan muammolarga, noo‘rin gaplarga sabab qolmagan bo‘lardi, deb o‘ylaymiz.
Ziyodbek Ismoilov suhbatlashdi
Mavzuga oid
10:22 / 02.10.2025
Readmissiya qilinganlarga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish tartibi belgilandi
19:13 / 23.05.2025
Litva 1 iyundan Rossiyaning nobiometrik xorijga chiqish pasportini tan olmaydi
18:53 / 13.05.2025
Deportatsiya qilinganlarga 2 yil davomida xorijga chiqish pasporti berilmaydi
17:38 / 05.11.2024