“Menga hamma narsa mumkin” deb o‘ylagan ayol 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
KUN.UZ tahririyatiga kelgan murojaatlardan biri diqqatimizni tortdi. Bu murojaat jamiyatdagi jirkanch illatlardan biri fohishabozlik va qo‘shmachilik haqida edi.
2018 yil 2 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining ochiq sud majlisida muqaddam 5 marotaba sudlangan, qo‘shmachilik va firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan N.N. (ayol)ning jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqildi. N.N kim o‘zi, bu foniy dunyoda o‘zini o‘tga, olovga urib, bir necha marotaba sudlanishiga nima sabab bo‘lgan yoki uni birov majburlaganmi? Balki unga nohaqliklar qilingandir?
U dastlab, 2005 yil 12 aprelda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan firibgarlik, xujjat va blankalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish, giyoxvand moddalarni sotish jinoyatlari bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan, jazodan 2005 yil 29 dekabrda amnistiya aktiga asosan ozod qilingan. 2006 yil 20 sentabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan firibgarlik, xujjat va blankalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish bilan JKning 59-moddasiga asosan 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan, yana jazodan 2009 yil 28 avgustdagi amnistiya aktiga asosan ozod qilingan.
Oradan yillar o‘tib, 2011 yil 24 noyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan firibgarlik, tovlamachilik bilan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, yana 2011 yil 5 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan. Shundan so‘ng yana jinoyat sodir qilib, 2014 yil 1 iyulda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan JKning 131-moddasi 1-qismi bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 2014, 2015 yillarda ham JKning tegishli moddalariga ko‘ra, qonun oldida jazosini olgan.
Afsuslanarli jihati, uning xayoliga biror marotaba bo‘lsa ham “men nima qilyapman, nega yashayapman”, degan fikr kelmaganmikan? “Menga hamma narsa mumkin”, degan fikr bilan yashayvergan. Shuncha gaplardan va jazolardan xulosa qilmasdan, N.N. yana yoshligini qo‘msab, “Obod” mahallasi, Xalqlar Do‘stligi shoh ko‘chasi, 101B-uy, 6-xonadonda ijarada yashab kelib, moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida yashash xonadonida fohishaxona tashkil qilib, 2018 yil 21 yanvar kuniga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida, Z.Q.ni va O.A.ni va 2002 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan B.Glarni shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun yollab, ularning erkiga zid ravishda uyida saqlab kelib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan. Ya'ni, ularga mijozlar bilan jinsiy aloqa qilishlari lozimligini, aks holda uyidan yalang‘och holatda haydab chiqarishini, ular yashaydigan mahallasiga borib fohishalik bilan shug‘ullanib yurishganini, sharmanda qilishini aytib qo‘rqitgan va bir kunda 10 nafargacha mijoz bilan jinsiy aloqada bo‘lishga majburlagan.
Sud hay'ati sudlanuvchi N.N.ga nisbatan jazo tayinlashda jinoyatlarni g‘araz va boshqa past niyatlarda sodir etganligini jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar, aybiga qisman iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holat deb inobatga olib, unga Alloh tomonidan berilgan “Ayol” va “Ona” degan imtiyozini hisobga olgan holda Jinoyat kodeksi bo‘yicha yengilroq jazo tayinlash moddasi bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq jazo 6 (olti) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Bunday illatlar jamiyatimizda avj olayotgani har bir fuqaroni tashvishlantirishi tabiiy, albatta. Bunday kimsalarni qonun oldida javob berishi va tegishli tartibda qayta tarbiyalanishiga esa har birimiz mas'ulmiz.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024