O‘zbekiston | 09:41 / 12.06.2018
12813
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlash rag‘batlantiriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Hujjat bilan 2018 yil 1 avgustdan boshlab alohida toifadagi tadbirkorlik sub'yektlariga quyidagi imtiyozlar va preferensiyalar beriladi: 

xaridor tomonidan investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki obektlarini “nol” xarid qiymatida sotish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov savdolari natijalariga ko‘ra tanlov savdolarining boshqa ishtirokchilari bilan uning takliflari o‘rtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda bitimni tuzish bo‘yicha ustuvorlik huquqi;

davlat mulki obekti uchun ijara to‘lovini ushbu obektga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash tartibini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishgan holda o‘rnatilgan tartibda tasdiqlaydi.

Tijorat banklariga alohida toifadagi tadbirkorlik sub'yektlariga:

aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun – uch oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha muddatga;

asbob-uskunalar va sarflash materiallari xarid qilish uchun – olti oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratish tavsiya etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ushbu bandda nazarda tutilgan kreditlar bo‘yicha foizlarni to‘lash uchun kompensatsiya hamda majburiyatlar ta'minoti yuzasidan kafillik berishni ta'minlaydi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2018 yil 1 avgustdan boshlab shtatdagi xodimlarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga haq to‘lash fondi uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilanadi va yagona ijtimoiy to‘lov summasi o‘rnatilgan tartibda taqsimlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyotni chuqur o‘rganish asosida ijtimoiy tadbirkorlik sub'yektlarini aniqlashning tartibi va mezonlarini, ularning huquqlari, majburiyatlari va faoliyati erkinligi kafolatlarini nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda uch oy muddatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin foydalanishi uchun barcha texnik va tibbiy-ijtimoiy imkoniyatlarni inobatga olgan holda homiylar va homiylik oluvchilarni bog‘laydigan, eng avvalo, homiylar yordamiga va qo‘llab-quvvatlashiga o‘ta muhtoj kishilar haqidagi maqolalar hamda ma'lumotlar joylashtiriladigan maxsus veb-portal yaratish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida, shuningdek, nogironligi bo‘yicha hech qanday kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishdagi teng sharoitlar yaratish va ularni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshiradi.

O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyatining ularning korxonalari tasarrufidagi ishlab chiqarish obektlaridan samarali foydalanilishi va ularga biriktirilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanishni kompleks o‘rganish bo‘yicha takliflari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

bir hafta muddatda respublikaning har bir hududi kesimida jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obektlari va yer maydonlaridan samarali foydalanishni kompleks o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etadi;

bir hafta muddatda jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obektlari va yer maydonlaridan samarali foydalanishni o‘rganish jadvalini ularning har bir tuman (shahar)dagi soni hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda tasdiqlaydi;

2018 yil 1 avgustga qadar ishchi guruhlar tomonidan jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obektlari va yer maydonlaridan samarali foydalanishni o‘rganilishini hamda ular tomonidan zaruratga ko‘ra aniqlangan muammolarni hal etish choralari ko‘rilishini ta'minlaydi;

2018 yil 1 sentabrga qadar o‘rganishlar natijasi bo‘yicha jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obektlari holatini yaxshilash va ularga biriktirilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq chora-tadbirlardan iborat “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid