Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bitiruvchilarining bandligini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, 2026 yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda. 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Mazkur dasturni unda ishtirok etuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish orqali yanada kengaytirish taklif etildi.
Shuningdek, “TalabaExpo-2026” kasb ko‘rgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlik sub’yektlarini faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bitiruvchilar bandligini ta’minlashda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, yirik xo‘jalik birlashmalari mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Barcha jarayonlar bandlikka ko‘maklashuvchi “career.edu.uz” platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni ta’minlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi. Natijada bitiruvchilar bilan ishlashning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, barcha oliygohlarda karera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, natijadorligiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Markazlar faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygohning karera markazlariga 500 million so‘mdan ajratiladi.

Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yo‘nalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o‘tkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta’lim shaklini ham yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.
Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh o‘rtasida o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni ish bilan ta’minlashga kafolat beradi.
Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining mas’uliyatini oshirish, ularning “KPI” ko‘rsatkichlarida bitiruvchi bandligining ta’minlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etildi.
Prezident mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
22:23
Harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlik rivojlantiriladi
21:09
Prezident 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirishni buyurdi
20:43
Sudyalar uchun daromad va mol-mulk deklaratsiyasini taqdim etish tizimi ishga tushiriladi
14:33 / 07.06.2026