Jamiyat | 16:25 / 14.06.2018
3351
5 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda 10 000dan ortiq xonadonda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ahvoli o‘rganildi

Prezidentning “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi bo‘yicha Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va ularning hududiy boshqarmalari, “Xalq qabulxonalari”, ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat Ishchi guruh vakillari Yunusobod tumanining 63ta mahallasida joylashgan 81 377ta xonadonda bo‘lib, tumandagi mavjud holat hamda muammolarni o‘rganib chiqmoqda.

Foto: Adliya vazirligi axborot xizmati

Bugungi kunga qadar uyma-uy yurish jarayonida, birinchi navbatda, 10 000dan ortiq xonadonda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ahvoli o‘rganildi. Arzon uy-joylarga muhtojlarga amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rildi. Nogironligi bo‘lgan hamda og‘ir kasallikka chalingan, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarga sog‘liqni saqlash organlari tomonidan yordam ko‘rsatilishi ta'minlandi. Ishsiz bo‘lgan oilalarni aniqlash hamda xonadonlardagi boshqa muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘plab amaliy ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga 2 300dan ortiq fuqaroning o‘zlarini qiynayotgan muammoli masalalar bo‘yicha murojaatlari qabul qilinib, tegishli vakolatli tashkilotlar bilan birgalikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Adliya vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, 150dan ortiq ijtimoiy obekt, ko‘p qavatli uy, ko‘cha, bo‘sh turgan bino va boshqa joylardagi mavjud holatlar o‘rganildi. Jumladan, obektlarning tom qismi va yerto‘lalari holati, issiqlik energiyasi, suv, gaz va elektr bilan ta'minlanganligi, sanitariya-epidemiologiya, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ariqlarning tozalanganligi holati, ichki yo‘llar, yo‘lakchalar ahvoli, ko‘cha yoritish chiroqlarining yaroqliligi, sport-sog‘lomlashtirish obektlari, bolalar maydonchalari, madaniy-ma'rifiy obektlar va boshqa ijtimoiy soha obektlaridagi mavjud bo‘lgan boshqa muammoli masalalar ham o‘rganildi, aniqlangan masalalarni hal etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi va hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Adliya vazirligi axborot xizmati

Bugun Ishchi guruhi, tuman tashkilotlarining xodimlari va mahallalarning faollaridan iborat ikki mingdan ortiq ko‘ngilli ishtirokida tumandagi 16ta (“Sobirobod”, “Nurmakon”, “Shoshtepa”, “Yurtobod”, “Turkiston”, “Posira” va boshqalar) mahalla fuqarolar yig‘inida obodonchilik ishlari olib borildi. Mazkur xayrli ishga ellikdan ortiq og‘ir texnika vositasi jalb qilindi.

Yunusobod tumanidagi barcha mahallalarni obod qilish va hududda istiqomat qilayotgan aholining muammolarini bartaraf etish yuzasidan Ishchi guruhlari va tuman tashkilotlari tomonidan amaliy ishlar davom etmoqda.

Foto: Adliya vazirligi axborot xizmati

Dilshod Toshmuhammedov,

“Nurmakon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari:

— “Obod qishloq” dasturi doirasida boquvchisi yo‘q, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga, og‘ir xastalikka chalingan insonlarga ham alohida e'tibor berilmoqda. Jumladan, 45-uy, 16-xonadonda og‘ir onkologik kasallikka chalingan bemorga homiylik yordami berildi, dori-darmonlar bilan ta'minlandi. Nogironlari bor, ijtimoiy sharoiti og‘ir bo‘lgan insonlarga ham homiylik yordamlari ko‘rsatildi. Bolalar o‘yingohi qurib berildi. Endilikda, mahalla ahli uchun sport inshooti qurish rejalashtirgan. Bunday inshootlarining qurilishi yoshlarning vaqti besamar ketmasligiga, jismonan chiniqishiga sharoit yaratadi. Qaydam, balki mahallamizdan ham chempionlar chiqar. Yana bir gap. Bugun mahallamiz juda obod go‘shaga aylandi. Mahalla ahli bilan davlat tashkilotlari xodimlari ham yelkama-yelka obodlik uchun ko‘maklashishdi. Ko‘chatlar ekildi. Obodonlashtirish ishlari bundan keyin ham doimiy diqqat-markazimizda bo‘lib qoladi.

Xulosa qilib aytganda, hududlar obodligi yo‘lida boshlangan tashabbus va bajarilayotgan ishlar odamlar qalbini obod etmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid