Jamiyat | 21:35 / 20.06.2018
15798
3 daqiqa o‘qiladi

Yashirin sex tashkil qilgan fuqaroga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Noqonuniy ishlarni “tadbirkorlik” hisoblab, faoliyat olib boruvchilar ham oramizda topiladi. Yashirin sexlarni aniqlash va ularning faoliyatiga barham berishga qaratilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro M.B. tomonidan chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish va uni muomalaga kiritishga oid jinoyat sodir etilgan. Dastlabki tergov va sud davomida aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxs bilan oldindan jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lgani holda, o‘zi yashab kelayotgan Andijon shahar, Bog‘ishamol MFY, Qori-Niyoziy ko‘chasi, 226-uyda noqonuniy ravishda yashirin sex tashkil qilib, chigitdan olinadigan paxta yog‘i mahsulotini ishlab chiqarib, muomalaga kiritayotganligi aniqlanib, yashirin sexdan jami 2.188.600 so‘mlik 360 litr paxta yog‘i, 84 dona ushlagichlar, 1 dona elektron tarozi, 27 dona 20 litrli yelim idish, 331 dona sariq rangli qopqoqlar, 1 dona suzgich, 1 dona voronka, 2 dona 10 litrli yelim idishlari, 49 dona 5 litrli polietilen idishlar, 3 dona 200 litrli temir idishlar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudida ish ko‘rib chiqildi. Sud R.Turginovning raisligida olib borildi. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchi M.Bga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1862-moddasi 2-qismi “b” bandi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa) bilan 4 yil ozodlikdan maxrum etish jazosi tayinlanib, JK 72-moddasiga (shartli hukm qilish) asosan 2 yil sinov muddati belgilandi.

Sud tomonidan sudlanuvchi M.Bga nisbatan jazo tayinlashda jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini, aybiga iqror va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, ayolligi va qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligi, shaxsi yashash joyidan ijobiy tavsiflangani inobatga olindi.

Mavzuga oid