Jahon | 08:28 / 21.06.2018
2765
2 daqiqa o‘qiladi

Ekvador Assanj uchun elchixonada boshpana abadiy berila olmasligini aytdi

Foto: REUTERS

Ekvadorning yangi tashqi ishlar vaziri Xose Valensiya WikiLeaks asoschisi Julian Assanj uchun Ekvadorning Londondagi elchixonasidan boshpana abadiy berila olmasligini aytdi. 

Assanj 2012 yildan beri elchixonada qolmoqda. U Shvetsiya hukumati tomonidan AQShga topshirilishi mumkinligidan xavotirlanib, Ekvador hukumatidan siyosiy   boshpana so‘ragan.

“Ekvador bu muammoning yechimini izlamoqda, chunki boshpana abadiy bo‘la olmaydi. U yillab davom etishi haqida o‘ylamaslik kerak va bu vaziyat qayta ko‘rib chiqiladigan muayyan vaqt ham bo‘lmaydi. Jumladan chunki bu qochqinning huquqlariga zid keladi”, deb aytgan Valensiya. 

Joriy yil martida Ekvador hukumati Assanjni tashqi dunyo bilan aloqadan mahrum etgandi. Ekvador hukumatining fikricha, Assanjning ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlari va o‘zini tutishi Ekvadorning Buyuk Britaniya, Yevropa ittifoqi davlatlari va boshqa davlatlar bilan munosabatlarini xavf ostiga qo‘yadi.  

Shuningdek, may oyida Assanjning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha barcha qo‘shimcha choralarni bekor qilishga ko‘rsatma berilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid