08:13 / 27.06.2018
4803

Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi soddalashtirildi

Foto: customs.uz

Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari o‘z xohishlariga ko‘ra bojxona yuk deklaratsiyasini bojxona organlariga o‘zlari taqdim etishlari yoxud bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisga murojaat qilishlari mumkin.

Shu bilan birga, bojxona yuk deklaratsiyalari (BYuD) bojxona organlarining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi tomonidan avtomatik tarzda ro‘yxatga olinishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, Yo‘riqnomaga BYuDni to‘ldirish tartibini soddalashtirish maqsadida bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, eksport bojxona rejimiga muvofiq taqdim etilayotgan bojxona yuk deklaratsiyalarida qo‘shimcha ravishda ko‘rsatiladigan eksport qiluvchining KTUT va STIR raqamlarini ko‘rsatish talablari bekor qilindi.

Shu o‘rinda, import bojxona rejimiga muvofiq taqdim etilayotgan bojxona yuk deklaratsiyalarida qo‘shimcha ravishda ko‘rsatiladigan import qiluvchining KTUT va STIR raqamlarini ko‘rsatish talablari ham bekor qilindi.

Bundan tashqari, amaliyotda yuzaga kelgan muammolardan kelib chiqib, Yo‘riqnomadagi normalarni bir xilda talqin qilish maqsadida, ayrim grafalarni to‘ldirish tartibi aniqlashtirildi.

Top