10:08 / 28.06.2018
7051

Oila institutini mustahkamlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi:

oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;

zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;

demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish;

oilaning tarbiyaviy-ta'lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an'anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma'naviy-axloqiy muhitni yaxshilash;

oilalarga ta'sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi:

Kontseptsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish jarayonining samarali muvofiqlashtirilishi hamda tizimli monitoringi, ularning ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berilishini ta'minlaydi;

Kontseptsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni aniq ko‘rsatkich va natijalarni ko‘rsatgan holda muntazam ravishda tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib borilishi choralarini ko‘radi;

zarur hollarda, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar vakillarini, xorijiy ekspertlarni Kontseptsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda ishtirok etishga, shuningdek, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga jalb qiladi.

Top