O‘zbekiston | 10:21 / 28.06.2018
7488
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi 

Foto: EPA/SERGEI ILNITSKY

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yoshlar ittifoqi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasining ular muassisligida nodavlat notijorat tashkiloti ko‘rinishidagi muassasa shaklida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilandi:

ShHT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashish;

ShHT mamlakatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirishda ishtirok etish;

ShHT mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

ShHT mamlakatlari o‘rtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, axborot resurslarini shakllantirish hamda ShHTning maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy prinsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, ShHT mamlakatlarining madaniy-gumanitar sohada erishgan yutuqlari to‘g‘risida axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va ularni muntazam chop etib borish;

ShHT mamlakatlari va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhini mustahkamlash maqsadida xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanish.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

davlat subsidiyalari, ijtimoiy buyurtmalar va ijtimoiy sheriklik doirasida ajratiladigan grantlar;

texnikaviy ko‘maklashish vositalari, xalqaro va xorijiy hukumat, nohukumat tashkilotlari, tijorat banklari hamda boshqa tashkilotlarning Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ajratadigan grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markazga:

o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur statistik va tahliliy axborotni talab qilish va bepul olish;

ilmiy, madaniy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun davlat mulki bo‘lmish majlislar zali va konsert zallaridan (ana shu zallar o‘z tasarrufida bo‘lgan sub'yektlar bilan kelishilgan jadval bo‘yicha) bepul foydalanish huquqi berildi.

Qo‘mita:

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Markaz faoliyatini moddiy-texnik va axborot jihatdan ta'minlash, shuningdek, Markaz tadbirlarida ishtirok etish uchun xorijiy ekspertlarni taklif qilish maqsadida texnikaviy ko‘maklashish vositalarini va grantlarni jalb etish masalalarini ShHT hamda boshqa xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan puxta ishlab chiqishda Markazga yordam ko‘rsatadi;

Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy teleradiokompaniya bilan birgalikda ShHT mamlakatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar, sport hamda boshqa aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda madaniyat, sport, turizm va OAV sohasidagi tadbirlarni tashkil qilishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy teleradiokompaniya Markazga yordam beradi.

Markaz Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 45-uyda ijara haqi “nol stavka” bo‘yicha joylashtiriladi.

Mavzuga oid