Jahon | 07:42 / 30.06.2018
8714
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada xususiy raketa uchirilishi bilanoq portlab ketdi

Foto: Videodan kadr

Yaponiyada Interstellar Technologies Inc. venchur kompaniyasiga tegishli xususiy raketani uchirishga ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi: raketa uchirilgandan bir necha soniya o‘tib portlab ketgan. 

Uzunligi 10 metrni tashkil qiluvchi MOMO raketasi kompaniyaning uni Yaponiya aerokosmik agentligi (JAXA) yordamisiz fazoga uchirishga ikkinchi urinishi bo‘lishi kerak edi.   

Birinchi urinish 2017 yil 30 iyulda bo‘lib o‘tgan. Uzunligi 10 metr va og‘irligi 1 tonna bo‘lgan MOMO-1 raketasi JAXA emas, balki venchur kompaniya tomonidan yaratilib, uchiriladigan birinchi raketa bo‘lishi kerak edi. Raketa Xokkaydo orolidan uchirilgan. Biroq biroz vaqtdan keyin raketadan axborot kelmay qolgan va uning dvigateli favqulodda tartibda o‘chirilgan. Raketa 20 km balandlikka ko‘tarilgan va uchirilgan joyidan 6,5 km uzoqlikda Tinch okeaniga tushgan.

Ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz tugadi. Raketa 600 metr uzoqlikdan masofadan boshqarilgani sababli hech kim jabrlanmagan. Tomoshabinlarga tashrif uchun taqiqlangan hudud 1,5 kmni tashkil qilgan. Kompaniya yuz bergan voqea sabablarini aniqlashtirmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid