O‘zbekiston | 07:27 / 30.06.2018
8543
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxona organlari endi bojxona nazorati chog‘ida sanitar-epidemiologik nazoratni ham amalga oshiradi

Foto: customs.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi

2018 yil 1 sentabrdan e'tiboran shunday tartib belgilanadiki, unga muvofiq:

chegara bojxona postlarida bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratini o‘tkazish chog‘ida veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat ham amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a'zo davlatlarning akkreditatsiyadan o‘tgan organlari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikka majburiy sertifikatlashtirishni amalga oshirish talab etilmaydi;

tovarlarning “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovarlarni davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi;

“bojxona ombori” rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan bojxona to‘lovlari yuzasidan taqdim etilgan imtiyozlar qo‘llanilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) 2018 yil 1 sentabrga qadar muddatda:

respublikaga tovarlar olib kirishda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish yuzasidan takliflar kiritilishini;

tovarlarni realizatsiya qilishning qulayligini ta'minlash uchun chegara hududlarda savdo majmualarini tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining veb-saytida tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakati rejimini tartibga soluvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, har bir tovarga mos ravishda bojxona bojlari stavkalari, ushbu hujjatlarni beruvchi organlar to‘g‘risidagi batafsil axborotni, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa ma'lumotlarni real vaqt rejimida bepul asosda olish imkonini beradigan “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmati joriy etilishini;

b) ikki oy muddatda:

“Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmati orqali taqdim etiladigan axborotning, jumladan, sanitar-karantin, fitosanitar va veterinar nazorati bo‘yicha, ruxsatnoma berish xususiyatiga ega bo‘lgan boshqa hujjatlar to‘g‘risidagi talablarning to‘liq ro‘yxati;

“Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmati orqali taqdim etiladigan axborotni o‘z vaqtida yangilab borish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning ushbu axborotni o‘z vaqtida yangilab bormaganligi hamda sifatsiz yangilab borganligi uchun javobgarligini nazarda tutgan holda texnologik yo‘riqnoma ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;

v) “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatining uzluksiz ishlashini va axborot xavfsizligini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish chog‘ida davlat organlariga “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatida nazarda tutilmagan ma'lumot va hujjatlarni talab etish man etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid