Jamiyat | 11:29 / 04.07.2018
13124
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri fuqarolariga “uy daftar”larini yuritish tavsiya etildi

Toshkent shahri ko‘p qavatli uylarida istiqomat qiluvchi shaxslarning aksariyati “Shakl-4”, “Shakl-5” hisob varaqalari (xonadon varaqalari) asosida ma'lumotnoma olish va shu asosda yashash manzili bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tish uchun tuman Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat qilishadi. Bu esa, uzundan-uzoq navbatlarning hosil bo‘lishi hamda qimmatli vaqt yo‘qotilishiga olib kelmoqda. Bu haqda ShIIBB matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, uning tuman bo‘limlari shahar aholisiga qulaylik taqdim etish maqsadida ko‘p qavatli uylar uchun joriy qilingan, eski tizimdan qolib ketgan “Shakl-4”, “Shakl-5” hisob varaqalari o‘rniga «uy daftarlari»ni yuritishni tavsiya etadi. ShIIBB saytida bu haqda to‘liq ma'lumot taqdim etilgan. 

Xo‘sh, «Uy daftari»ning afzalliklari nimadan iborat? 

«Uy daftari» “Shakl-4,-5”dan farqli o‘laroq, fuqaroning o‘zida saqlanadi va gaz, elektr, suv, isitish kabi xizmatlarga ma'lumot olish uchun IIOga qayta-qayta murojaat qilishga ehtiyoj qoldirmaydi. «Uy daftari»da xonadonda ro‘yxatga olingan fuqarolarga tegishli barcha ma'lumotlar qayd etiladi.

«Uy daftari» qayerdan olinadi va qanday rasmiylashtiriladi?

«Uy daftari»ni kitob va matbuot rastalaridan xarid qilib, yashash manzilidagi mahalla fuqarolar yig‘inida rasmiylashtirish mumkin. Shundan so‘ng, tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga shu manzilda yashovchi oilaning barcha a'zolarining pasporti va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan birga taqdim etiladi.

Mavzuga oid