Namangan shahrida fuqaro ichki ishlar bo‘limi binosida qiynoqqa solindi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat 2025 yil 14 avgust kuni sodir bo‘lgan. 1991 yilda tug‘ilgan Abdulahad O‘rmonovni profilaktika inspektori B.D. va boshqa xodimlar IIB binosida ikki kun davomida qiynoqqa solib, unga hayoti uchun og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. So‘ng uni mayda bezorilikda ayblab, Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudiga olib borishgan. Ammo ayblov tasdiqlanmagan, ma’muriy ish sud tomonidan rad etilgan.

Namangan shahridagi Oltitosh mahallasida yashayman. B.D. ismli ichki ishlar xodimi avval turmush o‘rtog‘imning qizlik mahallasida profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan. Xotinim bilan kelishmovchiliklar bo‘lganida, uning mahallasidagi vakil sifatida uyimizga ham kelardi. Oilaviy masalalarga aralashib yurardi. Unda avvaldan men va oilamizga qandaydir adovat bo‘lgan, ko‘p o‘chakishardi”, degan Abdulahad O‘rmonov Gazeta.uz muxbiriga.

Unga ko‘ra, 14 avgust kuni soat 16:00 larda maktabda o‘qiydigan qizi qo‘ng‘iroq qilib, o‘quv qurollari olib berishini aytgan. Uydan 75 ming so‘m pul olib, do‘kon tomon yo‘l olgan fuqaro ko‘chada B.D.ni ko‘rib qoladi.

U mahallamizda nomeri yo‘q qizil mashinada turgan ekan. Boshqa hududda xizmat qilsa-da, lekin doimo mana shu atrofda aylanib yuradi. O‘sha kuni unga “Biz ikki tomonni yarashtirib qo‘yinglar mahalla faollari”, dedim. “Pastga tushsang, gaplashib olamiz”, deya javob qaytarib, ketdi. Orqasidan borsam, Namangan shahar ichki ishlar bo‘limi binosiga borib, u yerga kirib ketdi. Men esa binoning kirish qismida qoldim. U ichkaridagi IIB xodimlariga “Fuqaro pichoq ko‘tarib meni quvladi”, debdi. U paytda menda umuman o‘tkir jismli qurol bo‘lmagan. Shundan so‘ng 3-4 nafar formali xodim tashqariga chiqib, meni urib, qo‘limga kishan solib, ichkariga olib kirib ketishdi”, deya ta’kidlagan Abdulahad O‘rmonov. 

Jabrlanuvchiga ko‘ra, ichkarida uning qo‘llaridan kishan yechilmagan, xodimlar eshikning tagida, kamera yo‘q joyda uni ikki marta ko‘tarib, bel va tos qismi bilan betonga tashlashgan.

Keyin boshqa bir xonaga olib kirib, uchalasi dubinka va elektroshok ishlatib, qiynashdi. Navbat bilan meni ko‘tarib polga tashlashdi. O‘shanda nafas yetmay qolib, ichimda og‘riq paydo bo‘ldi. Xodimlar bir amallab binoning old hovlisiga olib chiqishdi. Nazoratchi oxrana meni kamera yo‘q joyga o‘tqazib qo‘ydi. Undan suv so‘rasam, “Suvni urganlar beradi”, dedi. Sal o‘tib, boshqa bir xodim binoning orqa tarafiga olib o‘tib, rosa qiynadi. Men ancha ezildim, Xudo haqqi, nihoyatda azoblandim, ichlarim to‘kilib ketgandek bo‘ldi. O‘tqazib turg‘izdi, ermak qildi