Jahon | 00:58 / 05.07.2018
8058
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy afrikalik 81 yoshli ayol Londongacha 12 ming km yo‘lni eski mashinada bosib o‘tdi

Foto: Motor

Janubiy Afrika Respublikasida yashovchi 81 yoshli Juliya Albu qizi bilan ko‘rishish uchun Keyptaundan Londongacha masofani 20 yillik Toyota Corolla mashinasida bosib o‘tdi. Yo‘lning umumiy uzunligi 12070 kmni tashkil qilgan.

Keksa ayolga bu olis safarni amalga oshirishga mahalliy radiostansiyadagi munozara turtki bergan. Munozara davomida bir taniqli jamoat arbobining avtomobillarga qancha pul sarflagani muhokama qilingan. Shunda keksa ayol jonli efirga qo‘ng‘iroq qilib, uning va mashinasining birgalikdagi yoshi 100 yilni tashkil qilishini, biroq ikkalovlari ham yaxshi holatda bo‘lib, Londongacha bormoqchi ekanliklarini aytgan.

Shundan keyin ayolga do‘stlari qo‘ng‘iroq qila boshlashgan va ayolning safarga jo‘nashdan boshqa ilojisi qolmagan.

Safarga otlanishdan oldin mashinaga yangi shinalar, yo‘l va mashina tubi o‘rtasidagi oraliqni ko‘paytirish uchun maxsus moslamalar qo‘yilgan, barcha rezina vtulkalar almashtirilib, mashina to‘liq texnik xizmat ko‘rsatishdan o‘tgan. Ayol Londonga kelishi bilan Toyota’ning Britaniyadagi ofisiga intervyu bergan va uning mashinasi eng yaxshisi ekanini va uni hech qaysi mashinaga almashmasligini aytgan. 

Fevralda Britaniyaning Plimutida yashovchi Ben Kumbs o‘zining 20 yillik TVR Chimaera mashinasida dunyodagi eng shimoliy pabdan eng janubiy pabgacha yo‘lni bosib o‘tgan. 24 ta davlat hududidan o‘tgan sayohat 7 oy vaqt olgan. Bu vaqt ichida Kumbs 37800 km yo‘l bosib o‘tgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid