O‘zbekiston | 19:12 / 05.07.2018
10044
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda zo‘rlik va o‘z joniga qasd qilish holatlarini kamaytirishga doir ishlar amalga oshiriladi

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga o‘z vaqtida va manzilli yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va unga erta barham berish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti shaklida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilatatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tashkil etiladi. Prezidentning 2018 yil 2 iyuldagi 3827-sonli qarorida shu haqida ma'lum qilingan.

Respublika markazining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish;
  • o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan yoki o‘z joniga qasd qilgan shaxslar bilan birlamchi va izchil profilaktika tadbirlarini o‘tkazish;
  • nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish hollarini va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni erta bartaraf etish maqsadida davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar bilan o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatish;
  • ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha hududiy davlat va nodavlat muassasalarining faoliyatini tashkil etishda, ularning moddiy-texnik va uslubiy bazasini mustahkamlashda, mazkur muassasalarning kadrlar salohiyatini shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashda, muhtoj shaxslarga, shu jumladan «ishonch telefoni» orqali maslahat berish tizimini yaratish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;
  • dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash maqsadida vaqti-vaqti bilan jamoatchilik fikrini o‘rganish, ularning asosida nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni bartaraf etishga doir dasturlar va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilish hamda umumlashtirish, axborot-tahliliy materiallarni, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida tarqatish orqali ushbu sohadagi muammolar haqida jamoatchilikning xabardor etilishini ta'minlash;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari uchun nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan amaliyotlar, seminar va treninglar o‘tkazish.

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarini (keyingi o‘rinlarda — Markazlar) bosqichma-bosqich tashkil etish deganda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • birinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida bittadan Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • ikkinchi bosqichda tumanlar (shaharlar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, shu jumladan tumanlararo tamoyil asosida mintaqalardagi Markazlar sonini oshirish;
  • uchinchi bosqichda respublikaning tumanlarini (shaharlarini) imkon qadar qamrab olgan holda Markazlar faoliyatini ta'minlash.
Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid