23:35 / 07.07.2018
43890

Bu kasbda 1000 dollardan kam maosh bo‘lmaydi - oshpaz Sharipov

Qirg‘izistonlik eng yaxshi oshpazlardan biri Shuhrat Sharipov qachonlardir vokzal yonida joylashgan mo‘'jaz qahvaxonada somsa pishirgan. Keyinchalik, Qirg‘izistondagi xo‘randalarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatuvchi restoranda ishladi. Biroz o‘tib, prezidentlarga taom tayyorladi. 

Foto: Sputnik

Ayni paytda Sharipov Qirg‘iziston Respublikasi oshpazlar assotsiatsiyasi raisi, Qozog‘iston, Serbiya, Pokiston oshpazlar assotsiatsiyalari faxriy a'zosi hisoblanadi. U bilan bo‘lgan suhbatni o‘zbek tilida taqdim etamiz.

— Menimcha, siz yoshligingizdan ovqat tayyorlaysiz. Shundaymi?

— Ha, uchinchi sinfdan beri. Bir kun ota-onam uyda yo‘q edi, tasodifan keks pishirish usuli va masalliq haqida yozilgan jurnal qo‘limga tushib qoldi. Onamning aytishicha, men pishirgan keks unchalik yomon emasdi. 

—Siz o‘qishda kursdoshlaringizga qaraganda ancha bilag‘on bo‘lgandirsiz?

—Yo‘q. Hozir yarim yilda ham turli kurslarda oshpazlarni tayyorlab qo‘yishyapti. Biz texnikumda ta'lim olgan payt o‘qishga jiddiy e'tibor qaratilgan: mikrobioligiya, kimyo kabi predmetlarni ham o‘rgatishgan. Bu fanlar bilan a'lochi bo‘lib ketmaysan (kuladi).

— O‘qishdan so‘ng, ishni oson topganmisiz?

— O‘shanda 1995 yil edi, ish umuman yo‘q. Men tungi restoranlarning biridan zo‘rg‘a ish topganimda onam ruxsat bermagan. Xavfli edi, 90-yillarning kayfiyati... Shunday qilib, tog‘am bilan vokzal oldidagi qahvaxonada somsa pishirishni boshladim. Ertalabdan tunga qadar somsa, manti, lag‘mon, non pishirardim. 

Foto: Sputnik

Tamaddi qilib olish uchun, safarga otlangan yo‘lovchilar ko‘p kirib turishardi. Odamlarga liq to‘lgan avtobus vokzalga kirib kelishi bilan qozonda hech nima qolmasdi.

—Hozir ko‘pchilik bunday tamaddixonalardan qochadi. U yerda foydalanilayotgan go‘shtning sifatiga shubha bor. 

—Balki, biroq, u paytda qat'iy belgilangan normaga amal qilishimiz shart bo‘lgan. Ozroq vaqt o‘tib, kishilar pulning ortidan quvib, sifatni unutdi. Xitoy, Hindistondan import qilinayotgan shubhali muzlatilgan go‘shtlar paydo bo‘ldi. 

—Tamaddixonadan so‘ng nima bo‘ldi?

—Bir kuni e'lonlarda yangi ochilgan italyan restoranida oshpaz yordamchisi vakant ekaniga ko‘zim tushib qoldi. Men barcha talablarga javob berardim, suhbatdan o‘tdim. 

Ishda qolish uchun ingliz tilini o‘rganishim kerak edi. Bu mamlakatdagi xo‘randalarga xorijiy valyutada taqdim etilgan menyu bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi ilk restoran bo‘lgan. Bishkekdagi zamonaviy mehmonxona ostida joylashgan restoranda ishlash... Buning zavqi bor. 

Foto: Sputnik

Har kuni diplomat, xorijiy fuqarolar, qirg‘iz jamiyatidagi elita vakillariga taomlar tayyorlaganmiz. 

—Chamamda, ular juda injiq bo‘lsa kerak?!

—Yo‘q, ular ham oddiy odamlar kabi taomlanadi. Kishi qanchalik «baland» bo‘lsa, u ovqatlarga shunchalik oddiylik bilan qaraydi. 

—Prezidentlarga ham xizmat qilganmisiz?

—Ha, rasmiy tashriflar, masalan ShHT yig‘ilishida. Odatda bu kutilmaganda yuz beradi va shu zahotiyoq «sir saqlash» haqidagi hujjatga imzo chekasiz. Maxfiy xizmat xodimlari bizning biografiyamizni yaxshilab o‘rganib chiqadi. 

—Agar prezidentga xush kelmaydigan biror taom tayyorlasangiz nima bo‘ladi?

—Bunday bo‘lishi mumkin emas. Bizni avvaldan ogohlantirishadi: qanday mahsulotlardan foydalanib, nimalar mumkin emasligi aytiladi. 

— Qirg‘izistonning qanday mahsuloti boshqa davlatlarda ham qadrlanadi?

—Bu - so‘zsiz go‘sht. Biz Rossiya, Ozarboyjon, Turkiyadagi xalqaro tanlovlarga otlanganimizda, albatta mahalliy go‘shtdan ko‘proq olamiz. Shunchaki, haqiqiy ta'mni dasturxonga eltib qo‘ysangiz, siz g‘olibsiz! 

— Siz “Giness Rekordlar kitobi”ga kirgan tarixiy beshbarmoqni tayyorlash jarayonida ishtirok etgansiz. Shu haqda aytib bering.

Foto: Sputnik

— Mega beshbarmoqni tayyorlash g‘oyasini biz xorijiy hamkorlarimizdan eshitib, hayron qolgandik. Keyinroq, bu ishni qirg‘izistonlik oshpazlarning ko‘magisiz bajarib bo‘lmasligini ta'kidlab, jarayonda ishtirok etishga taklif qilishdi. Shunday qilib, men masalliqlarning hisobi bilan shug‘ullandim. Dastlab, 1 tonna og‘irlikda bo‘lishi kutilgan taom, yakunda 400 kg ortiqcha yuk oldi. 

— Eng qiyin yumush nimada edi?

— Tonggacha go‘shtlarni maydalab chiqish, desam yolg‘on bo‘lmaydi. 

— Tarixiy beshbarmoq o‘zingizga yoqdimi?

— Jurnalistlarga intervyu berarkanman, ko‘z qirim bilan qozonga qarayman. Va bir zumda tugab borayotgan ovqatga qaradim. Xullas, menga hech nima qolmadi.

— Bishkekdagi afsonalarga ko‘ra, bosh oshpazlar katta maosh oladi. Aslida-chi?

— Maosh haqiqatan yuqori: 1 ming dollardan 4 minggacha yetadi. Bishkekda kunora yangi va didli restoranlar ochilmoqda. Demak, bosh oshpaz ham shu talablarga javob berishi kerak. Odamlarga taom tortiq qilish shunchaki oddiy ish emas. Oshpaz bunday maoshga munosib.

Foto: Sputnik

 

Top