Shri-Lanka so‘nggi 42 yilda ilk marotaba o‘lim jazosini amalga oshirishi mumkin
Shri-Lanka hukumati qamoqxonalarda giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan mahbuslarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Maytripala Sirisena so‘zlariga tayangan holda Adaderana nashri xabar berdi.
Prezident bayonotiga ko‘ra, ko‘plab savdogarlar qamoqqa olinganidan so‘ng ham giyohvand moddalarning savdo tizimini boshqarishda davom etmoqda. Giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi uchun avvalroq o‘lim jazosiga hukm qilingan mahbuslar qamoqxonalarda o‘tirgan holda o‘z ishini davom ettirmoqda.
Prezident bunday savdogarlarning o‘lim jazosini amalga oshirish haqidagi taklifni seshanba kuni Vazirlar mahkamasiga taqdim qilgan va Adliya vazirligiga kerakli choralarni ko‘rish haqida topshiriq bergan edi. Bugun u qarorni imzolamoqchi ekanini e'lon qildi.
«Men o‘limga mahkum qilingan, ammo hibsda o‘tirgan holda ham giyohvand moddalarning noqonuniy savdosini to‘xtatmagan mahbuslarga nisbatan o‘lim jazosini amalga oshirish haqidagi qarorni imzolayman», — dedi Sirisena. Prezident fikriga ko‘ra, bu chora jamiyat uchun juda zarur.
Colombo Page nashrining yozishicha, Shri-Lanka sudlari jiddiy jinoyatlar, xususan, qotillik, nomusga tegish va giyohvand moddalarni sotish kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni o‘lim jazosiga hukm qilmoqda. Biroq, bunday hukmlarning birortasi 1976 yildan buyon amalga oshirilmagan.
Sunday Leader nashri ma'lumotiga ko‘ra, bu masala yuzasidan prezident qarori imzolangach, 19 nafar mahbusga nisbatan o‘lim jazosi amalga oshirilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
14:08 / 03.12.2024
Vetnamning eng badavlat ayoli firibgarlik bo‘yicha ish apellyatsiyasida yutqazdi. Endi 9 mlrd dollar topa olmasa, uni qatl etishadi
21:03 / 26.11.2024