Norov: Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqishi lozim
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rta va uzoq muddatli rivojlanishning umumiy konsepsiyasini ishlab chiqishlari zarurligini bildirdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.
U bu haqda Toshkentda BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan «davra stoli»da aytdi.
«Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash sohasida aniq maqsad va vazifalarni belgilab olgan holda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanishning umumiy konsepsiyasini ishlab chiqishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi. Mintaqada tinchlik va farovonlik, barqarorlik bo‘lishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining mavjud muammolarni o‘zlari mustaqil hal qila olishlari qobiliyatiga bevosita bog‘liq», – dedi Norov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT rezolyutsiyasi «Markaziy Osiyo davlatlarining davlatlaro munosabatlarda yangi davrga qadam qo‘yishining ifodasi bo‘ldi». Bu esa uning fikricha, mintaqa gullab-yashnashiga xizmat qiladi.
«Bugungi kunda mamlakatlarimizda jadal va samarali hamkorlik uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud», – dedi SMTI rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 22 iyunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining plenar yig‘ilishida Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi qabul qilingandi. Bu hujjat BMTning barcha a'zo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, ichimlik suvidan samarali va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish, mintaqada zamonaviy transport va tranzit tizimini tashkil qilish, turli sohalarda ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilgan.