Jahon | 17:20 / 13.07.2018
6903
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya g‘arbidagi hujumlar oqibatida 30dan ziyod tinch aholi vakillari qurbon bo‘ldi

Foto: AP

Bugun, 13 iyul kuni AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari Suriya g‘arbidagi Deyr Ezzor provinsiyasidagi ikkita qishloqqa zarbalar yo‘lladi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 30dan ziyod tinch aholi vakillari qurbon bo‘ldi, yana o‘nlab insonlar jarohat oldi.

Bu haqda Suriya milliy axborot agentligi – SANA tarqatgan xabarda aytilishicha, havo hujumi payshanbadan jumaga o‘tar kechasi uyushtirilgan bo‘lib, qurbonlar va yaralanganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Ikkita aholi yashash punktlarida ko‘plab binolar vayron bo‘lgan, uylar qulab, odamlarni bosib qolgan.

Yil boshidan buyon AQSh va uning ittifoqchilari aviatsiya kuchlari tomonidan bombardimon qilinayotgan Deyr Ezzor, Hasaka va Raqqa viloyatlarida yuzlab suriyaliklar qurbon bo‘ldi. Suriya hukumati koalitsiya zarbalarini taftish qilishni talab qilib bir necha marotaba BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilgan.

28 iyun kuni rasmiy Vashington g‘arb davlatlari koalitsiyasining IShIDga qarshi operatsiyalari vaqtida 2014 yildan buyon Suriya va Iroqning kamida 939 nafar tinch fuqarosi halok bo‘lganini ma'lum qilgandi. To‘rt yil davomida 29596ta hujum uyushtirilgan.

Mavzuga oid