IIBB soxta elektr tarmog‘i inspektorini fosh etdi
Yunusobod tumanidagi do‘konning egasi yarim yil davomida elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘zini elektr energiyasi bo‘yicha tuman inspektori deb tanishtirgan shaxsga to‘lab kelgan edi. Agar xizmatning haqiqiy xodimi kelib, voqeaga oydinlik kiritmaganida bu holat yana qancha davom etardi, noma'lum!
Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, 1973 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek M. 2017 yilning iyul oyigacha elektr Yunusobod tumani elektr ta'minoti korxonasida ishlab kelgan. Ishdan bo‘shagach, xizmat guvohnomasini topshirmagan va soxta xodim sifatida avvalgi mijozlarning biridan elektr uchun pul undirib kelgan.
Birinchi ana shunday holat 2018 yilning 10 yanvarida sodir bo‘lgandi. O‘shanda do‘kon egasi Abduvali I. chiroq uchun 200 ming so‘m to‘lagan. Ulug‘bekning so‘zlariga ko‘ra, fevral oyida «to‘lovlar biroz ko‘tarilgan» va endi u oyiga 250 ming so‘mdan «to‘lov»larni qabul qila boshlagan. Shu tariqa, Abduvali har oyning 10-sanasida soxta inspektorga aytgan pulini berib kelgan. Tabiiyki, Ulug‘bek bu pullarni kassaga to‘lamagan, o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan.
Qiziq tomoni, jabrlanuvchini inspektorning to‘lovni amalga oshirganlik to‘g‘risidagi kvitansiyani bermagani ham shubha uyg‘otmagan, xavotirga solmagan. Uning ishonuvchanligidan foydalangan huquqbuzar Ulug‘bek kattaroq summani undirishga qaror qilgan va aprel oyida shartnoma qayta imzolash lozimligini aytib, 1 million 200 ming so‘m olgan.
Abduvalining oldiga haqiqiy tuman elektr tarmoqlari xodimi kelib uning qarzdorligi haqida ma'lum qilganida, yolg‘onning tagi ochildi. Holat bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan jinoiy ish ochildi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida huquqbuzarning shaxsi aniqlandi. Tergov jarayoni vaqtida sud gumondorni garov evaziga ozodlikda qolishi haqida qaror qildi. Hozirda Ulug‘bekning shunga o‘xshash boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Mavzuga oid
15:09 / 21.05.2024
Yunusobodda niqob taqqan holda daraxt kesgan shaxslar 5 sutkaga qamaldi
12:11 / 06.05.2024
Kimnidir bosib qolishi kerakmi? Yunusobodda “zamhokim”ning ham “tishi o‘tmayotgan” masala haqida
12:57 / 05.05.2024
Toshkentdagi bog‘chada bolalarni qo‘rqitib, qo‘pollik qilgan tarbiyachi ishdan olindi
19:19 / 16.04.2024