Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uyining kvadrat metri noto‘g‘ri hisoblanishi natijasida sarson bo‘lib yurgan oila taqdiri
KUN.UZ tahririyatiga uy-joy bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushishi ko‘paydi. Shunday murojaatlardan biri Toshkent shahar, Sergeli tumani, 6 «a» mavzesi, 14-uy, 21- xonadonda yashovchi Mansurova Nigora Turayevnadan kelib tushdi. Qisqacha aytadigan bo‘lsak, Nigora opa yashab turgan uyning kv.m. maydoni Sergeli tumani kadastri tomonidan noto‘g‘ri hisoblab chiqilishi natijasida, yo‘q joyga qo‘shimcha pul talab qilinayotganidan noroziligini bildirdi. Murojaatni o‘rganish uchun Sergeli tumaniga tashrif buyurdik. Nigora opa bilan shaxsan suhbatlashdik.

«Men yashab turgan uyning kvadrati aslida 54.3 kv.m. ni tashkil qiladi. Men o‘zim uyimni o‘lchatganimda xuddi shunday 54.3 kv.m. chiqdi, lekin Sergeli tumani kadastr bo‘limi 57.03 kv.m. deb xato o‘lchab, «O‘zshahar qurilish invest » MChJga rasmiylashtirib xat yuborgan. Men bankka uyning pulini to‘lashga borganimda yana qo‘shimcha 8,5 million so‘m to‘lashim lozimligini aytishdi. Biz uyimizni 54.3 kvadratligini unga qancha pul to‘lanishini bilamiz, lekin kadastr noto‘g‘ri hisoblab chiqishi oqibatida uyimizning kvadrati 57.03 kv.m. bo‘lib qolyapti. Qolgan hamma uylarning kvadrati 54 dan oshmaydi. Qanaqasiga bizning uyimiz katta bo‘lib qoladi? Osmonga qarab o‘smaydiku? Bizdan «O‘zshahar qurilish invest» MChJ yo‘q 3 kv.m. uchun qo‘shimcha pul talab qilyapti. Bu holatni aniqlashtirib beringlar deb «O‘zshahar qurilish invest» MChJga borganimda ular bu bizning xatoimiz emas, bu masalani hal qilish uchun hamma hujjatni boshidan o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi, buni kadastr hal qiladi deyishdi.

Shundan so‘ng, Sergeli tumani kadastr bo‘limiga bordim. Ular biz dalolatnoma qilib qilib, «O‘zshahar qurilish invest» MChJga kiritganmiz, qolgani ularning ishi, biz hech narsa qila olmaymiz, deyishdi. Bankka murojaat qilganimizda bank «O‘zshahar qurilish invest» MChJdan xat qilib berishsin deyishyapti. Xullas, biz o‘rtada sarson bo‘lyapmiz. Oddiy oila bo‘lsak, yo‘q joy uchun 8.5 million to‘lamaymiz-ku, keyin bu bizning xatoimiz emas. Nima qilishni bilmay qoldik. Tegishli joylarga murojaat qildik lekin haligacha javob bo‘lmadi».





Biz Nigora opa bilan hujjatlarni o‘rganib chiqdik. Haqiqatan ham kadastr bo‘limi adashganligi, qayta o‘lchab berilganda uy rostdan ham 54.03 kv.m.ga o‘zgartirilganligini tasdiqlovchi hujjat borligini ko‘rdik. Keyin hujjatlarni olib Sergeli tumani kadastr bo‘limiga bordik. Avvaliga shu uyni xato o‘lchagan kadastr xodimini topa olmadik. Bo‘lim boshlig‘iga murojaat qilganimizda, xato kadastr tomonidan qilinganligini tan olishdi. Shundan so‘ng, Sergeli tumani kadastr filial bo‘limi boshlig‘i «O‘zshahar qurilish invest» MChJga aloqaga chiqib, masala yuzasidan gaplashishdi. Bo‘lim boshlig‘i bu xatolikni to‘g‘irlab, tezda hal qilishga va'da berdi.


Xulosa qilib shuni aytamizki, tashkilot yo‘l qo‘ygan xatolik tufayli o‘rtada oddiy bir oila (maoshga yashaydigan) jabr ko‘rmasin. Sarson bo‘lmasin. Axir uyida yo‘q kv.m. uchun kim peshona teri bilan topgan pulidan 8.5 million to‘lagisi keladi?..
O‘ylaymizki, tez orada bu muammo ijobiy hal bo‘ladi.